Yengil atletika federatsiyalari xalqaro assotsiatsiyasi (IAAF) maxsus matbuot anjumani orqali rossiyalik yengil atletikachilar (67 nafar) Rio Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat berilmagani haqida ma'lum qildi.
Rossiyalik sportchilar orasida birgina uzunlikka sakrovchi Darya Klishina musobaqalarda qatnashish uchun ruxsat oldi va Olimpiadada mustaqil sportchi sifatida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Ikki karra Olimpiada chempioni Yelena Isinbayevaning murabbiyi Yevgeniy Trofimov ma'lum qilishicha, barchaga, shu jumladan, Yelenaga ham rad javobi kelgan. Ushbu javob asosida sportchilarning huquqini himoya etish uchun Lozannadagi sport arbitraj sudiga da'vo arizasi kiritiladi.
IAAF 17 iyun kuni rossiyalik yengil atletlarni Rio–2016 Olimpiadasidan chetlashtirgandi.
22 iyun kuni Olimpiya sammiti IAAF’ning Rossiya yengil atletika jamoasini Rio–2016 Olimpiadasidan chetlashtirishini qo‘llab-quvvatladi.
Sportchilarning musobaqadan chetlashtirilishiga asosiy sabab ularning dopingdan foydalangani bo‘ldi.
Butunrossiya yengil atletika federatsiyasi 2015 yil noyabrida diskvalifikatsiya qilingan edi. Joriy yilning fevralida esa 4027 rossiyalik atletlar xalqaro musobaqalardan chetlatilgan edi.
Manba: Tribuna.uz