Bugun Yevropa chempionati yakunlanadi. Final bahsida Fransiya hamda Portugaliya terma jamoalari «Anri Delone» kubogi uchun bahs olib borishadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 23:55da Parijda boshlanadi.
Bu o‘yin o‘zgacha ahamoyat kasb etadi. Katta ehtimol bilan bugun Jahon va Yevropa chempionatining joriy mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi aniqlanadi. Antuan Grizmann vaKrishtianu Ronaldular bugun ham porlashsa, shubhasiz «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishadi. Agar Krishtianu Ronaldu qahramonlik ko‘rsatadigan bo‘lsa, bu futbol tarixidagi yirik burilish nuqtasiga aylanishi mumkin. Shu vaqtgacha Pele futbol qiroli sifatida ta'kidlab kelinadi. Undan keyin ham ko‘plab futbolchilar chiqishdi, lekin Lionel Messi va Krishtianu Ronaldular individual o‘yin borasida barcha futbolchilarni ortda qoldirishdi. Ularning shaxsiy natijalarini takrorlashning deyarli imkoni yo‘q.
Aynan mana shu ikki futbolchi terma jamoasi bilan yirik musobaqada qahramonlik ko‘rsatgan holda g‘alaba qozonishsa, Peleni ham ortda qoldirishlari aniq. Messi buni uddalay olmadi. Ronalduda esa ajoyib imkoniyat bor. Birgina o‘yinda qahramonlik ko‘rsatsa bo‘lgani. Shu sabab bu final boshqacha bo‘ladi...
Portugaliya Yevropa chempionatini «F» guruhida boshladi. Guruhdagi barcha o‘yinlarda durang o‘ynagan Ronaldu jamoasi uchinchi o‘rin bilan guruhdan chiqdi. 1/8 finalda ular Xorvatiya bilan bahslashishdi. O‘yinning asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Qo‘shimcha bo‘limlarning ikkinchisida esa Rikardu Kuarejma gol urib, jamoasini chorak finalga olib chiqdi.
1/4 finalda Portugaliya jiddiy raqibga duch keldi. Polsha bilan o‘yinning ham asosiy vaqtida durang natija qayd etildi. Penaltilar seriyasida portugallarning omadi keldi.Yarim finalda Uelsga qarshi Portugaliya musobaqadagi eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatdi. Krishtianu Ronaldu o‘yin qahramoniga aylandi. Hujumchi bitta gol urdi va Nanining goliga assistentlik qildi. Shu tarzda Portugaliya Yevropa chempionatining finaligacha yetib keldi.
Fransiya musobaqaning «A» guruhidan o‘rin oldi. Frantsuzlar 7 ochko to‘plab, guruhda birinchi bo‘lishdi. 1/8 finalda mezbonlar Irlandiya bilan o‘ynashdi. Kutilmaganda irlandlar jiddiy qarshilik ko‘rsatishdi va birinchi daqiqadanoq gol urishdi. Biroq Antuan Grizmanning dubli Fransiyani chorak finalga olib chiqdi.
1/4 finalda Fransiya Islandiya bilan o‘ynadi va musobaqa kashfiyotini yanchib tashladi - 5:2.Yarim finalda esa Fransiya amaldagi jahon chempioni Germaniyadan ustun keldi. Bu gal ham Grizmanning dubli jamoasini finalga olib chiqd. Mezbonlar shu tarzda o‘z uylaridagi musobaqaning finaliga yetib kelishdi.
Portugaliya hamda Fransiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan olib boriladigan matnli reportajni Tribuna.uz saytida kuzatib boring.