Barak Obama Ispaniyaga tashrifini boshladi 

Jahon 13:48 / 10.07.2016 5651

AQSh prezidenti Barak Obama 9 iyul kechki payt Ispaniyaga yetib keldi, bu Oq uy rahbarining bu mamlakatga oxirgi 15 yil ichidagi birinchi tashrifidir.

Ispaniyaga tashrif buyurgan oxirgi AQSh prezidenti kichik Jorj Bush bo‘lgan, u bu mamlakatga 2001 yilda tashrif buyurgandi.

Ispaniyaga birinchi tashrif buyurgan AQSh prezidenti Duayt Eyzenxauer hisoblanadi, u bu Piriney yarim oroliga 1959 yilda kelgan va shu tariqa hukumat tepasiga diktator Fransisko Franko kelgandan keyin Ispaniyaning yakkalanib qolishiga barham berilgan. AQShning 37-prezidenti Richard Niksondan boshlab barcha prezidentlar Ispaniyaga kelgan va Obama ham bundan istisno bo‘lmadi.

Obamaning tashrif dasturiga oxirgi pallada o‘zgartirishlar kiritildi. Dastlab Obama Varshavadan 9 iyul kechki payt Sevilyaga kelib, 10 iyulda qirol Felipe VI hamrohligida shaharning diqqatga sazovor joylariga, jumladan Alkasar va cherkovga tashrif  buyurishi, so‘ngra Rota harbiy-dengiz bazasiga jo‘nashi, asosiy muzokaralarni esa 11 iyulda Madridda o‘tkazishi kerak edi.

Biroq Dallasdagi tartibsizliklar sababli Oq uy tashrif dasturini qisqartirishga qaror qildi. Obama Yevropadan AQShga qaytgach, birinchi bo‘lib Dallasga yo‘l olmoqchi. Natijada, Obama Ispaniyada bir kun kamroq bo‘ladi. Obamaning Sevilyaga tashrifi vaqtiga belgilangan barcha madaniy tadbirlar va Madridda qirollik saroyidagi rasmiy tushlik bekor qilindi.

Obamaning samolyoti 9 iyulda Madrid yaqinidagi Torrexon aeroportiga qo‘ndi. Uni aeroportda Ispaniya qiroli Felipe VI va hukumat raisi o‘rinbosari Sorayya Saens de Santamariya kutib oldi.

Obama 10 iyulda qirollik saroyiga tashrif buyurib, u yerda qirol bilan muzokaralar o‘tkazadi va so‘ngra mamlakat bosh vazirining rasmiy qarorgohi – Monkloaga tashrif buyurib, u yerda bosh vazir vazifasini bajaruvchi va 20 iyundagi saylovlarni yutgan Xalq partiyasi yetakchisi Mariano Raxoy bilan uchrashadi.
Obama Raxoy bilan uchrashgandan keyin Torrexon fuqarolik-harbiy aeroportiga borib, u yerda mamlakatning yirik muxolif siyosiy partiyalari yetakchilari bilan uchrashadi. Bu uchrashuv o‘tkazilishi zarurati Ispaniyada 20 iyunda parlamentga muddatdan avvalgi saylovlar  o‘tgani va Ispaniya hukumati hali ham muvaqqat maqomini saqlab qolayotgani bilan bog‘langan.

So‘ngra Obama Kadis viloyatida joylashgan ispan-amerika harbiy-dengiz bazasi Rotaga jo‘nab, u yerda ispan va amerikalik harbiylar oldida nutq so‘zlaydi.  
Rota – Ispaniya harbiy-dengiz kuchlarining bosh bazasi bo‘lib, u yerda ispan HDKning bosh shtabi va AQSh HDK 6-tezkor  flotining joylashuv punktlaridan biri joylashgan. Bu yerda 3 ming amerikalik harbiy joylashtirilgan. 

Bir qator jamoatchilik tashkilotlari va uyushmalari Obamaning tashrifi vaqtida norozilik namoyishlari o‘tkazishmoqchi. "G‘urur uchun marshlar" birlashmasi aksiyalar "imperializmga qarshi" va "xalqlar mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashga" qaratilgan bo‘lishini aytdi. Aktsiyalar "Obama, uyingga jo‘na!", "NATO, urush, bazalarga yo‘q!" degan shiorlar ostida o‘tishi aytilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: