Yaponiyaning Takata firmasi o‘zi ishlab chiqargan xavfsizlik yostiqchalarining nosozligi sababli aybini rasman tan oldi. Shu munosabat bilan AQSh hukumatiga 1 mlrd dollar miqdorida tovon to‘laydi. Bu haqda Amerikaning Detroyt shahri prokuraturasi tomonidan e'lon qilingan bayonotda so‘z yuritilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, Takata "firibgarlik bo‘yicha aybiga iqror bo‘lgan", hamda "nosoz nasoslarga ega bo‘lgan xavfsizlik yostiqchalarini noqonuniy ravishda sotgani uchun 1 mlrd dollar miqdorida tovon puli to‘lashga rozilik bildirgan". Ushbu summaning 25 mlni jarima hisoblanadi, qolgan 975 mln dollari yetkazilgan zarar, xususan, halok bo‘lganlarning oila a'zolariga yetkazilgan zararni qoplash uchun sarflanadi. Prokuratura ma'lumotlariga ko‘ra, Takata sifatni nazorat qilish bo‘yicha keskin choralarni joriy qiladi. Xususan, kelgusi 3 yil mobaynida AQSh bilan kelishuv shartlarga naqadar amal qilinayotgani bo‘yicha mustaqil nazorat tuzilmalari kuzatuvida bo‘ladi.
Detroyt prokuraturasining tasdiqlashicha, Takata kompaniyasining uch nafar top menejyerlari firibgarlik hamda xavfsizlik yostiqchalaridagi nuqsonlarni yashirish uchun til biriktirganlikda ayblanmoqda. AQSh hukumatiga ko‘ra, ular Amerika avtomobil ishlab chiqaruvchilarini qalbaki hujjatlar vositasida chalg‘itishgan.
Takata kompaniyasi 2014 yilda mojaro markazida bo‘lib qolgan edi. O‘shanda, AQSh hukumati, mazkur firma tomonidan ishlab chiqarilgan xavfsizlik yostiqchalari avtohalokat chog‘ida noto‘g‘ri ochillishi sababli yorilib ketishi yoki metall parchalarini salonda bo‘lgan kishiga otishi mumkinligini aniqlagan edi. Shu kabi voqealardan, dunyo bo‘yicha 16 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 180 dan ortiq odam yaralangan. Takata mahsulotidagi nuqsonlar sababli 100 mlndan ortiq avtomobil qaytarib olingan.