Matador Viktor Barrio Ispaniyaning Teruel shahrida o‘tkazilgan korrida vaqtida buqa shoxlari zarbidan halok bo‘ldi. Bu 1985 yildan buyon ilk marta matadorning korrida vaqtida halok bo‘lishidir.
Barrioning buqa bilan jangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilinayotgandi. Bu holat tasvirlangan videoda ko‘rish mumkinki, buqa 29 yoshli matadorni havoga itqitadi va u yerga tushgach, shoxlari bilan uning ko‘ksiga ketma-ket zarbalar beradi. Matador og‘ir jarohatlardan jon bergan.
Ispaniya bosh vaziri Mariano Raxoy va korrida tashkilotchilari Barrioning yaqinlariga hamdardlik bildirishgan.
Matador Viktor Barrio
Matador Viktor Barrio 2011 yilgi korrida vaqtida
Qayd etilishicha, Ispaniyada har yili buqa bilan 2 mingga yaqin jang o‘tkaziladi, ammo keyingi vaqtlarda bu miqdor kamaygan. 2010 yilda Kataloniyada korrida taqiqlangandi.
El Pais ma'lumotiga ko‘ra, 20 asrda Ispaniyada buqalar tomonidan 134 kishi o‘ldirilgan, ulardan 33 nafari matador bo‘lgan.
Xose Kubero 1985 yili korridada buqa tomonidan o‘ldirilgan oxirgi toreador bo‘lgandi.
Buqalar jangi – korridada ixtisoslashtirilgan fermalarda boqilgan buqalar qatnashadi. Har bir buqa bir marta jangga kiradi, chunki belgilangan qoidalarga ko‘ra, buqaning maxsus o‘rgatilgan matador qo‘lida jon berishi bilan jang kulminatsiyasi sodir bo‘ladi.