Bugun, 9 iyul kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Akmal Akbarov 8-tor ko‘chasida yashovchi qizning (ismi oshkor etilmadi) Malibu rusumli mashinasiga noma'lum shaxs o‘g‘rilikka tushdi.
Jabrlanuvchining o‘zi tomonidan yuborilgan xabarga ko‘ra, u mashinasining eshiklari ochiqligi va uning ichidan begona kishi chiqib kelayotganini ko‘rib qo‘rqib ketadi va darhol undan kimligini so‘raydi.
Ustiga farroshlarning kiyimini eslatuvchi ko‘ylak kiygan, chamasi 40-45 yoshlardagi kishi mashinadagi hech narsaga teginmaganini aytadi. Bu orada mashina sohibasi telefon orqali bu shaxsni suratga olishga ulgurgan. Mashinada fleshka va bir qancha pullarning yo‘qligini payqagan qiz tezda yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilishni boshlaydi. O‘g‘ri esa vaziyatdan foydalanib, voqea joyidan qochib ketadi.
"Avvaliga mashinam ichidan tushgan noma'lum erkakni ko‘rib, hayratlandim. U o‘zining o‘g‘ri emasligini qayta-qayta ta'kidladi. E'tiborli jihati, u farroshlarnikiga o‘xshash kiyimda edi, qo‘llarida esa turli uskunalar bor. Fursatdan foydalanib, uning yuzini suratga tushirishga muvaffaq bo‘ldim. Agar o‘z vaqtida chiqib qolmaganimda, balki mashinamni ham o‘g‘irlashi mumkin edi.
Hozirda o‘g‘rining barmoq izlari tushirib olindi. Suratdagi kishini tanigan, bilgan insonlar militsiyaga xabar berishsin. Uning suratini ijtimoiy tarmoqlarga joylashimdan asosiy maqsad - insonlarni ogohlikka chorlash va o‘z buyumlariga ehtiyotkor bo‘lishlarini so‘rashdir", - deydi jabrlanuvchi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.