Silvestr Stallone 70 yoshlik yubileyini katta tantana bilan nishonladi

Jamiyat 17:43 / 09.07.2016 22093

Hollivudning so‘nmas yulduzi Silvestr Stallone 70 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan uyushtirilgan tantanada 80 nafardan ortiq  kishi qatnashdi, shu jumladan Monako shahzodasi Albert va qo‘shiqchi Rikki Martinlar ham Stalloneni qutlash uchun tashrif buyurishdi. 

Kino yulduzining do‘stlari Viktoriya va Isaak Oberfildlar bunday qutlug‘ sanada aktyorga kutilmagan sovg‘a tayyorlashdi. Ular Stalloneni oilasi bilan La Trattoria restoraniga taklif qilishdi. Aktyor bu yerga turmush o‘rtog‘i Jyennifer Flavin hamda qizlari bilan tashrif buyurdi va uyushtirilgan bayram tantanasidan hayratga tushdi, zero uni muborakbod etish uchun bu yerga 88 kishi yig‘ilgan edi. 

Stallone Nice Matin gazetasiga bergan intervyusida shunday deydi: “Men do‘stim Viktoriyaning taklifi bilan ushbu restoranga tashrif buyurgandim, bu tantana men uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. 70 yoshligimni do‘stlarim davrasida gamburger va kartoshka fri tanovul qilib o‘tkazaman degan xayolda kelgandim. Men restoranga tashrif buyurgan barcha do‘st va birodarlarimni ko‘rganimdan juda baxtiyorman, ayniqsa shahzoda Albertning tashrifi meni quvontirdi”.

Shahzoda Albert Silvestrni tabriklab, unga o‘zining onasi – malika Greysning imzolangan oq-qora suratini sovg‘a qildi. 

Silvestr Stallone 70 yoshga to‘lishiga qaramay, hech qanday qarilik alomatlarini ko‘rsatmaydi. Aktyorning ma'lum qilishicha, u yangi serialda mafiya boshlig‘i rolini ijro etadi. 

Silvestr Gardentsio Stallone 1946 yilning 6 iyulida Nyu-Yorkda tavallud topgan. U Hollivudning mashhur aktyori, kinorejissyori, ssenariynavisi va prodyuseri hisoblanadi. U o‘zining aktyorlik faoliyati davomida 50dan ortiq rollarni ijro etgan. Ular orasida eng mashhurlari – “Rokki”, “Rembo” va “Tutqich bermas kishilar” filmlari. 

 

Ko‘proq yangiliklar: