Shanxayda G20 davlatlari savdo vazirlari jahon savdosi o‘sishi strategiyasini muhokama qilishadi

Jahon 09:34 / 09.07.2016 4028

G20 davlatlari savdo vazirlari 9 iyulda Shanxayda ochiladigan ikki kunlik uchrashuvda global savdo o‘sishi strategiyasi hamda Jahon savdo tashkilotining (JST) savdoga ko‘mak berish bo‘yicha kelishuvini amalga oshirish masalalarini muhokama qilishadi.

Avvalroq Xitoy tijorat vaziri o‘rinbosari Van Shouven strategiyani ishlab chiqish "juda muhimligini" aytdi. Uning aytishicha, strategiya jahon savdosini global boshqarishni yaxshilashga, tannarxni kamaytirishga, savdo-investitsiya siyosatida muvofiqlashtirishni yaxshilashga qaratilgan hamda global savdoning kamayishiga moyillikni "tubdan o‘zgartirishga" yordam beradi.

JST bosh direktori Roberto Azevedo uchrashuvdan oldingi matbuot-anjumanida jahon savdosi o‘sish sur'atlari 2016 yilda ham beshinchi yildan beri 3 foizdan kamroq darajada saqlanib qolinayotganini aytdi.

"Yigirmatalik"da raislik qilish 2015 yil 1 dekabrdan Turkiyadan Xitoyga o‘tdi. G20 sammiti Xanchjouda 4-5 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi va "Innovatsion, sog‘lom, o‘zaro bog‘langan va inklyuziv jahon iqtisodiyotini qurish" mavzusiga bag‘ishlanadi.

Xitoy o‘z raisligining ustuvor yo‘nalishlari sifatida jahon iqtisodiy rivojlanishi uchun yangi yo‘llarni izlash, samaraliroq jahon iqtisodiy va moliyaviy boshqaruvi, xalqaro savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirishni aytdi. Xitoy bu ustuvor vazifalar jahon iqtisodiyoti ehtiyojlariga javob berishi va Xitoy rivojlanish yo‘nalishi bilan mos tushishini aytmoqda.

"Yigirmatalik guruhi" (G20) global iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun yetakchi forum hisoblanadi. G20 yirik rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarni birlashtiradi, ular ulushiga dunyo yalpi ichki mahsulotining 85 foizi to‘g‘ri keladi. 2013 yilda G20da Rossiya, 2014 yilda Avstraliya va 2015 yilda Turkiya raislik qilgan.

 

Foto:© RIA

Ko‘proq yangiliklar: