UYeFA vitse-prezidenti, ispaniyalik Anxel Mariya Vilyar UYeFA prezidenti lavozimiga nomzodini qo‘yadi. Bu haqda As ispan gazetasi xabar bermoqda.
Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Vilyar UYeFA ijroiya qo‘mitasining 16 a'zosidan 13 nafarining ma'qullovini oldi. Shuningdek, Vilyar arizalar berish muddati tugaydigan 20 iyulgacha o‘z nomzodini qo‘yishini rasman e'lon qilmaslikka qaror qildi.
Avvalroq UYeFA prezidentiga o‘z nomzodini sloven Aleksander Cheferin va golland Mixael van Prag qo‘ymoqchi ekanliklarini ma'lum qilgandilar.
UYeFA prezidenti saylovlari 14 sentabrda Afinada bo‘lib o‘tadi.
UYeFAning amaldagi prezidenti Mishel Platini tashkilotga 2007 yildan boshchilik qilib kelgan. 2015 yil dekabrda u 8 yilga futbol faoliyatidan chetlatilgan va jarimaga tortilgandi. Keyinroq Platinining diskvalifikatsiya muddati 6 yilga qisqartirilgandi. Frantsuzning Sport hakamligi sudiga bergan shikoyati qisman qondirilgan – jarima 80 ming frankdan 60 minggacha, diskvalifikatsiya muddati esa 4 yilgacha qisqartirilgandi. Shundan keyin Platini UYeFA prezidenti lavozimidan ketishi va o‘z nomini Shveytsariya sudlarida oqlashda davom etishini ma'lum qilgandi.