Kaliforniya fuqarosi AQSh harbiy sun'iy yo‘ldoshlarining texnik xususiyatlari bilan bog‘liq, davlat miqyosidagi ahamiyatga ega maxfiy ma'lumotni sotishga harakat qilganlikda ayblanib, hibsga olindi. Bu haqida Los-Anjyeles sudining tarqalgan hujjatlariga asoslanib TASS xabar berdi.
Prokuratura ma'lumotlariga ko‘ra, Amerika mudofaa boshqarmasida pudratchi bo‘lib faoliyat yuritgan 49 yoshli muhandis Gregori Allen Jastis maxfiy ma'lumotni, xususan AQShning ba'zi harbiy va tijorat sun'iy yo‘ldoshlarida o‘rnatilgan dasturiy ta'minotga doir sirni Rossiya ayg‘oqchisi deb o‘ylagan kishisiga sotmoqchi bo‘lgan. Aslida esa u niqob ostidagi FQB agenti bo‘lgan.
2000 yildan beri sun'iy yo‘ldoshlarni yaratish bilan shug‘ullanib, AQSh mudofaa vazirligiga xizmat qilgan Jastis tergovchilar oldida bunday jinoyatga qo‘l urishiga turmush o‘rtog‘ining jiddiy kasalini davolash uchun pul zarur bo‘lganini bahona qilib ko‘rsatdi.
“Jastis AQSh texnologiyalariga oid maxfiy sirni xorijiy agent deb hisoblagan kishisiga sotib, o‘z manfaatlarini milliy xavfsizlikdan yuqori qo‘ydi”, - dedi AQShning milliy xavfsizlik bo‘yicha bosh prokuror o‘rinbosari Jon Karlin. “Ushbu ma'lumot begona qo‘llarga tushib, AQSh va uning ittifoqdoshlariga ziyon yetkazishi mumkin edi”, - deya ta'kidladi u.
Sud jinoyatchini garov puli evaziga qo‘yib yuborishdan bosh tortdi, u Kaliforniya qamoqxonalaridan biriga joylashtirildi. Jastis aybdor deb topilsa, unga 20 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Ushbu holat yuzasidan sud ishining boshlanish muddati belgilanganicha yo‘q.