AQShning bir necha shaharlarida mamlakat huquq-tartibot idoralarining surbetligiga qarshi noroziliklar bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar qilayapti CNN telekanali.
Texas shtati Dallas shahrida 7 iyul kuni politsiyachilarni ommaviy o‘ldirish jinoyati sodir bo‘lgach, yuzlab insonlar shahar ko‘chalariga chiqib, huquq posbonlarining qurol ishlatishda haddilaridan oshishlariga qarshi noroziliklarini izhor qilishgan. Bunda asosan, qoratanlilar qurbon bo‘lishadi. Namoyishlarni Amerikaning qoratanli aholisi huquqlari uchun kurashuvchi Black Lives Matter ("Qoralar hayotining qadri bor") harakati tashkil etgan.
Black Lives Matterning mahalliy bo‘linmasi rahbari Sir Mayexorning so‘zlariga ko‘ra, garchi "qonun himoyachilariga qarshi o‘t ochishni oqlamasa ham, bu voqeaga nima turtki bo‘lganini ham unutmaslik lozim".
Shu hafta boshlarida Amerikaning ikki shtatida politsiyachilar tomonidan ikki qoratanli fuqaroning aybsiz otib o‘ldirilishi ushbu noroziliklarni keltirib chiqardi.
Uning aytishicha, AQSh politsiyasining tartibsizligi va o‘ziga erk berib yuborgani shunchalik jiddiylashgani bois, "odamlar asabiylashib, shunchaki o‘zlarini yo‘qotishmoqda".
Jorjiya shtati Atlanta shahrida minglab namoyishchilar avtomobil ko‘priklaridan birida harakatni to‘sib qo‘yishgan. Ular, politsiyachilarni haqorat qilib, bir necha nafarini garovda ushlab turishibdi.
Bir necha o‘nlab qoratanli fuqarolar Luiziana shtati Yangi Orlean shahri politsiya boshqarmasi oldida namoyish tashkil etgan. Ular idora oldida 20 daqiqaga yotib, politsiya tomonidan o‘ldirilganlarni tasvirlashgan.
Kaliforniya shtati Los-Anjyeles shahrida esa, huquq posbonlarining noqonuniy harakatlariga qarshi tinch norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Ular, mamlakatdagi etnik kamchilik bilan politsiya o‘rtasidagi muomalaning yaxshilanishini talab qilishmoqda.
Ta'kidlash joizki, bu kabi noroziliklar deyarli butun mamlakat bo‘ylab tashkil etilgan. Kolorado, Massachusets, Minnesota, Michigan, Nebraska, Pensilvaniya kabi shtatlarning turli yirik shaharlarida bo‘lgan namoyishlarda tartibsizliklar ro‘y bergani xususida xabarlar yo‘q.