UzReport telekanali Yamal 401 sun'iy yo‘ldoshi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyalarni vaqtincha to‘xtatib turadi. Bu haqda telekanal sayti xabar bergan.
Xabarda ma'lum qilinishicha, UYeFA tomonidan shunday talab qo‘yilgan. Buning sababi UzReport sun'iy yo‘ldosh signali O‘zbekiston hududidan tashqaridagi qo‘shni davlatlar va boshqa xorijiy mamlakatlar hududlarini ham qamrab olayotganligi bilan izohlangan.
Ma'lum bo‘lishicha, UYeFA tomonidan bunday choralar Tojikiston va Turkmaniston telekanallariga nisbatan ham qo‘llanilgan.
«Telekanal texnik xodimlari tez orada geografik cheklov tizimini ishga tushirishi kutilmoqda. Bu cheklov ishga tushganidan so‘ng yurtimizdagi futbol muxlislari Yevro—2016 uchrashuvlarini Yamal 401 sun'iy yo‘lodoshi orqali UzReport TV telekanalida tomosha qilishda davom etishlari mumkin bo‘ladi», — deyilgan xabarda.
Yamal 401 sun'iy yo‘ldoshi orqali Yevro—2016 turnirini tomosha qilayotganlar o‘yin bo‘lib o‘tgan kunning ertasiga soat 17:00dan boshlab o‘sha uchrashuvni takroriy efirda tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.