Britaniyalik tadqiqotchilar elektron xatda yolg‘onni fosh qiladigan algoritm ishlab chiqishdi

Fan-texnika 01:48 / 01.07.2016 5588

City University London tarkibiga kiruvchi Cass Business School tadqiqotchi guruhi elektron xat matnida yolg‘onni fosh eta oluvchi algoritm ishlab chiqdi. Bu haqida International Business Times xabar berdi

Masalan, kishilik olmoshlaridan qochish, harakatlarini haddan ziyod isbot qilishga urinish va tavsiflarning ko‘pligi nosamimiylikdan darak berishi mumkin. Shuningdek me'yordan oshiq xushmuomala bo‘lish ham yolg‘onning belgilaridan biridir, chunki bunday xat muallifi  suhbatdoshiga o‘zini yanada yaqin tutishga harakat qiladi. 

Tadqiqot mualliflari o‘zlarining "Aldov to‘rining fosh bo‘lishi: Kompyuter kommunikatsiyasida avtomatik ravishda aldovni fosh qilish" tadqiqotlarida izoh berishlaricha, algoritm tashkilotlarni firibgarlik va moliyaviy yo‘qotishlardan himoya qilish uchun ishlab chiqilgan. 

"Bizning dasturiy ta'minotimiz kompaniyalarga mijozlarning rost yo yolg‘on so‘zlayotganlarini, ular haqiqatda hamkorlikni davom ettirishni istashyaptimi yoki yo‘q - shularni aniqlashga yordam berishi mumkin", - deydi Cass Business School'da marketingdan saboq beruvchi Ko de Ryuyter.

Tadqiqotchilarning fikricha, aldov biznesda jiddiy qonunbuzarliklarga va sud jarayonlariga olib kelishi mumkin. Ularning baholashiga ko‘ra, faqat AQShning o‘zidagina ishbilarmonlar hamkorlarining adolatsizligi tufayli yiliga 200 milliard dollar yo‘qotishadi. Shu bois yangi algoritm kelajakda menejyerlarga o‘rgatilsa, u tashkilotni yuzaga kelishi ehtimoli bo‘lgan katta xarajatlardan qutqarishda asqatadi. 
 

Ko‘proq yangiliklar: