AQSh yo‘l harakati xavfsizligi milliy ma'muriyati (NHTSA) Tesla Motors avtomobilsozlik kompaniyasiga nisbatan bu kompaniya mashinasi ishtirokida o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi yuz bergandan keyin dastlabki tekshiruv boshladi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.
Kompaniyaning Tesla Model S modelidagi 25 mingta mashinasi tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Kompaniyaning 2015 yilda ishlab chiqarilgan mashinasi avtopilotda ketayotganda o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasiga tushib qolgan. Kompaniya matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, YTH kompaniya mashinalari avtopilotda 130 mln mil yurganidan keyin sodir bo‘lgan. AQShda o‘rtacha o‘lim bilan yakunlanuvchi YTHlar 90 mln milda, butun dunyo bo‘ylab esa 60 mln milda bir marta qayd qilinadi.
Mashina oldidagi to‘siqni payqamay qolib, yo‘lni kesib o‘tayotgan yuk mashinasi treyleriga urilgan. Mashina haydovchisi va kompyuter tizimi yorug‘ osmon fonida oq rangdagi treylerni payqamay qolgan. Ta'kidlanishicha, elektromobil treylerning pastki qismiga old oynasi bilan urilgan. Oqibatda elektromobil haydovchisi halok bo‘lgan.
Xabarda aytilishicha, avtopilot funksiyasi hali ham dastlabki sinovdan o‘tkazilmoqda va haydovchi rul chambarini ushlab turishini talab qiladi. Agar haydovchi boshqaruvdan chalg‘isa, mashina tormozlanishni boshlaydi.
Kompaniya matbuot xizmatida aytilishicha, avtopilot muntazam ravishda yaxshilanib bormoqda, biroq hali ham haydovchi e'tiborini talab qiladi. Ta'kidlanishicha, elektron tizimlar yordamida mashina boshqarish istalgan vaziyatda xavfsizlik ko‘rsatkichlarini yaxshilaydi.
Tesla Motors va uning rahbari Ilon Mask halok bo‘lgan haydovchi oilasiga hamdardlik bildirdi.