Bugun O‘zMTRKning «O‘zbekiston», «Toshkent» va «Yoshlar» telekanallarida xalq orasida chinozlik Ahmadboy nomi bilan tanilgan Ahmadjon Tursunboyevning noqonuniy xatti-harakatlari, u tashkil etgan va faoliyatiga chek qo‘yilgan moliyaviy piramida haqida «Ahmad vasvasasi» nomli batafsil hujjatli ko‘rsatuv efirga uzatildi.
Ko‘rsatuvda Ahmadjon Tursunboyevning savollarga javoblari keltirildi.
Ko‘rsatuv avvalida ushbu hodisaga doir yangi ma'lumotlar keltirildi. Jumladan ashyoviy dalil sifatida olingan mablag‘lar 13 mlrd 139 mln so‘m va 12 mln dollar ekani bildirildi.
Ko‘rsatuvda Ahmadjon Tursunboyevning o‘zidan bir qator iqtiboslar keltirildi: «Boshi berk ko‘chaga kirib qolib, keyin chiqib keta olmadim. Orqaga yo‘l yo‘qligini bilardim».
U odamlar orasida obro‘ orttirgani, saxovatpeshaligi evaziga odamlarning ishonchini qozongani aytib o‘tiladi. U 4-5 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelgan bo‘lsada, 2015 yil oxirida faoliyatini kengaytiradi. 2016 yilning 12 yanvarida esa Chinozda "Chinoz avto hamkor" va "Chinoz halol chorva" korxonalarini ta'sis etadi. U bu korxonalardan davlatga soliq to‘lash orqali o‘zining haqiqiy daromadlarini yashirishda foydalangani aytiladi.
U o‘z atrofida asosan qarindoshlarini to‘plagan. Uning jiyanlaridan biri avtomobillarni qabul qilib olish va bozorda sotish, boshqalari pul va taqinchoqlar keltiruvchilarni ro‘yxatga olish bilan shug‘ullangan. Ular shunchaki maktab yoki kollejni bitirgani, yozishni bilgani uchun ishga olingan.
Ahmadboy o‘zining sodda tizimini hashamatli qarorgohlar barpo etish orqali xaspo‘shlaydi. Keluvchilar darvoza oldidagi qo‘riqchilarni, ichkaridagi pul sanovchilarni ko‘rib, o‘zlarini bankka kelgandek his qilishgan.
Ma'lum bo‘lishicha, o‘z qoramoli yoki pulini Ahmadboyga berayotgan odamlardan tushuntirish xati olingan. Xatda pul topshirayotgan odam, uning ota-onasi yoki turmush o‘rtog‘i "Chinoz avtohamkor" MChJga bergan mablag‘i yoki avtomashinasini 12 oy davomida oyma-oy bo‘lib olishga bergani, ushbu mashina yoki pulni berayotgan vaqtda hech kimdan hech qanday e'tirozi yo‘qligini zimmasiga olishi va ilova qilib pasportining nusxasini bergani, tushuntirish xatini o‘z qo‘li va o‘z so‘zi bilan yozgani bayon qilinadi.
Mazkur xatga, shuningdek, Ogohlantirish xati ham ilova qilingan bo‘lib, unda MChJ rahbariga biror kor-hol bo‘lib qolsa, hech kimga e'tiroz bildira olmasligi, tavakkalchilikka qo‘l urilayotganini unutmaslik yozilgan.
Qorovullardan biri kuniga 400-500 kishi pul yoki boshqa buyumlar topshirish uchun tashrif buyurganini eslaydi. O‘nlab kishilar eshik oldida kunlab navbat kutganini qo‘shimcha qiladi.
Shuningdek, mijoz topib keluvchilar ham bo‘lgan. Bu ish bilan shug‘ullanganlar uchun "suyunchi puli" joriy etiladi.
Uning ikki izdoshi ham alohida faoliyat yuritgan. Biri Qibrayda faoliyat ko‘rsatgan Nuriddin Abulg‘oziyev. Ko‘p o‘tmay Ahmadboy bilan ziddiyatga kirishgan va undan mustaqil ajralib chiqqan. U ham ayni vaqtda qo‘lga olingan.
Ahmadboyning yana bir izdoshi Mirzamurod Yunusaliyev. Xalq orasida Murodboy nomi bilan tanilgan bu shaxs ham odamlardan yuqoridagi tizim bo‘yicha ikki barobarini qaytarib berish sharti bilan pul, qimmatbaho buyumlar, avtomobillar va qoramol olishni yo‘lga qo‘ygan. Ayni vaqtda u qidiruvda.
Ko‘rsatuvda iqtisodchi, o‘qituvchi, huquqshunos va diniy ulamodan fikrlar so‘raladi. Ko‘rsatuv ijodkorlari Ahmadboy moliya piramidasiga chuqurroq nazar tashlab, nega shunday bo‘ldi degan savolga javob topishga harakat qilishadi.
Iqtisodchi Mansur Tenglashev dunyoda bunday moliyaviy piramidalarga misollar keltirgan va yangi pul kelib qo‘shilmasa, bunday piramida barbod bo‘lishini aytib o‘tgan.
Jurnalist bunday piramidalar paydo bo‘lishiga odamlarning ochko‘zligi saba bo‘lishini aytib o‘tadi.
«Pulni mehnat qilmay foiz olaman deb berib daromad olish - sudxo‘rlik. Bu gunoh. Qur'onda sudxo‘rlikdan qaytish kerakligi aytilgan», deydi shayx Abdulaziz Mansur.
Ko‘rsatuvga taklif etilgan o‘qituvchi esa bu hodisada jamiyatning turli qatlamlarini, xususan mansabdorlarni ham ayblaydi.
«Dars o‘taman, o‘quvchilarga: "Halol bo‘linglar, yaxshi o‘qinglar", deyman. Bir o‘quvchi aytadi: "Ustoz, o‘qi-o‘qi deyavermang! Ming so‘ming bo‘lsa, Ahmadboyga berib qo‘ysang, yeb yotasan. Falonchiga qarang — uy qurib oldi, unisiga qarang — Captiva minib oldi". Bu kabi gaplarni hozir 5-6 sinf o‘quvchilari aytyapti. Mana shu Ahmadboyning dastidan o‘quvchilarni o‘qish, mehnat qilish qiziqtirmay qo‘ydi», — deydi afsus bilan chinozlik o‘qituvchi Baxtigul Begaydarova.
U bu jarayonga shu vaqtgacha hokim, IIV vakillari e'tiborsizlik bilan qaraganini aytib o‘tgan.
«Nega perashkachini darhol soliqchi yugurib keladiyu, Ahmadboyga hech kim shuncha yil indamadi. Agar uni to‘xtatishganida shuncha odam qaqshab qolmasdi», deydi u.
Ko‘rsatuvda mahalliy amaldorlar va huquq tartibot organlari vakillari Ahmadboyning faoliyatiga panja ortidan qaragani aytildi. Aksincha, tergov jarayonida bu kishilar Ahmadboyni fosh etish o‘rniga unga jinoiy sheriklik qilib kelgani aniqlangan.
«Katta lavozimdagi amaldorlar, hokim yoki IIV vakillari unga mijoz bo‘lishgan», degan tergovdagi xodimlardan biri, "Chinoz avto hamkor" korxonasida yurist bo‘lib ishlagan Oybek Isoqov.
U Ahmadboyning oldiga mashhur artistlar ham 300 ming, 400 ming dollar miqdoridagi pullarni topshirish uchun kelganini aytib, Mirza, Sherali nomlarini sanab o‘tgan.
«Unikini bunga, bunikini unga berib, shu ishga kirib ketganman. Bankrot bo‘ldim. Pul yetkazib bera olmadim. Qancha odamdan qancha pul olinganini aniq bilmayman», — dedi Ahmadjon Tursunboyev.
Ko‘rsatuvda Ahmadjon Tursunboyev boshliq uyushgan guruhning noqonuniy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rganlar soni «bir necha o‘n mingni tashkil etishi» aytilgan.
«O‘nta zavodi bor odam ham buncha pulni qaytara olmaydi. Yashirmayman, men bu o‘yinga kirib qolganman va undan chiqib keta olmaganman», — dedi Ahmadjon Tursunboyev.
«Aholidan uzr so‘rayman. Qilgan ishimdan pushaymonman», deya yakunlanadi Ahmadjon Tursunboyevning iqrori.
Bir qator qonunbuzarliklarni sodir etgan Ahmad Tursunboyev va uning jinoiy sheriklariga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va surishtiruv-tergov ishlari davom etmoqda.