AQSh prezidenti Barak Obama Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yangi kelishuv taklif qildi. The Washington Post gazetasining xabariga ko‘ra, Obamaning administratsiyasi uzoq muddatli «meditatsiya»dan keyin Rossiyaga Suriyadagi "Jibxat an-Nusra" terroristik guruhiga qarshi operatsiyalarda yangi hamkorlik taklif qildi. Manbada aytilishicha, AQSh harbiy hamkorlik evaziga Rossiyadan bittagina narsani iltimos qiladi: Bashar Asadga bosim o‘tkazish va Asad askarlarining AQSh nazoratidagi joylarga havo hujumlarini to‘xtatishni.
27 iyun kuni yuborilgan taklifga ko‘ra, AQSh Rossiya bilan terrorchilarning joylashgan manzillari va shunga o‘xshash ma'lumtlarni «baham ko‘radi». Bu taklif shaxsan Obamaning o‘zidan chiqqan va uning alohida ta'kidlashicha, Rossiya o‘zi anchadan buyon xohlayotgan narsasiga erishishi mumkin. Obamaning bu ishini juda ko‘pchilik, shu qatorda Pentagon rahbari Eshton Karter ham qoralayotgan edi, lekin ular prezidentning taklifiga ko‘nishga majbur bo‘lgan.