O‘zMTRK «O‘zbekiston», «Yoshlar» va «Toshkent» telekanallarida 30 iyun kuni xalq orasida Ahmadboy nomi bilan tanilgan Ahmadjon Tursunboyevning noqonuniy faoliyati haqida batafsil «Ahmad vasvasi» nomi ostida ko‘rsatuv efirga uzatiladi.
Ma'lum qilinishicha, shu kuni soat 18:10da «O‘zbekiston» telekanalida, soat 19:20da «Toshkent» telekanalida, soat 20:20da «Yoshlar» telekanalida Ahmadjon Tursunboyevning noqonuniy faoliyati haqida efirga uzatiladigan ko‘rsatuvlarda batafsil ma'lumotlar beriladi.
Unda Ahmadjon Tursunboyevning so‘roq qilinish jarayoni ham ko‘rsatiladi. Shuningdek, uning harakatlaridan jabrlangan fuqarolarning guvohliklari keltiriladi.
Aholi o‘rtasida chinozlik Ahmadboy nomi bilan tanilgan bu shaxs odamlardan yiliga kamida 100 foizlik dividend to‘lash, ya'ni ikki barobar qilib qaytarishni va'da qilib, juda katta omonat mablag‘larni milliy va xorijiy valyutada qabul qilish bilan noqonuniy ravishda shug‘ullanib kelgan. Shuningdek, u foizlik ustama to‘lash sharti bilan aholiga xorijiy valyutada qarz berib kelgan. Hozirgi kunda Ahmadjon Tursunboyevga pul bergan yoki pul olgan odamlar soni bir necha o‘n mingga yetgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Tursunboyev Ahmadjon va uning yaqin qarindoshlarining uy-joylari va ularga qarashli korxonalarda aytib o‘tilgan tartibda o‘zlashtirilgan 13 mlrd 139 mln so‘m va 7 mln 900 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ mavjudligi aniqlandi va bu pullar qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, daliliy ashyo sifatida olindi.