Turkiya tomoni Isroil bilan aloqalarni tiklash bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Bu haqda Turkiya TIVga asoslangan holda CNNTurk xabar tarqatgan.
Diplomatik manba ma'lumotiga ko‘ra, kelishuvga 28 iyun kuni Turkiya Tashqi ishlar vazirligida imzo chekilgan. Marosimda Turkiya tomonidan TIV rahbari o‘rinbosari Faridun Siniro‘g‘li, Isroil tomonidan vakil sifatida diplomat Dore Goldom qatnashgan.
Ikki tomonlama anglashuv memorandumini imzolash marosimi alohida o‘tkaziladi.
Bundan oldinroq Turkiya va Isroil munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar berilgandi.
Ushbu kelishuv 2010 yili Isroil maxsus bo‘linmasi tomonidan Turkiyaga qarashli «Mavi Marmara» paromining qo‘lga olinishi chog‘ida halok bo‘lganlar uchun Isroil tomonidan 20 million dollar tovon to‘lanishini ko‘zda tutadi. Shuningdek, Turkiya bu kelishuv asosida G‘azoda elektr stansiyasi va suvni tozalash inshootlari quradi.