OAV: MTS O‘zbekistondagi ulushini sotishi mumkin

Iqtisodiyot 12:30 / 28.06.2016 20041

Universal Mobile Systems O‘zbekiston-Rossiya mobil operatorining Rossiya tomonidan ta'sischisi bo‘lmish MTS kompaniyasi mobil operatoridagi o‘z ulushini sotish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda kompaniyaga yaqin manbasiga asoslangan holda «Interfaks» axborot agentligi xabar tarqatdi.

Kompaniya vakili RBK nashriga ma'lum qilishicha, mobil operatori «UMS orqali O‘zbekistonda odatdagi tartibda faoliyatini davom ettirmoqda».

«Interfaks» manbasining fikricha, MTS O‘zbekistondagi o‘z biznesini «ramziy summa» evaziga sotadi. U bu biznesning sotilishi «negativ ssenariy» tusini olgani, shu bilan birgalikda mahalliy bozorda qolishni nazarda tutuvchi «bazali ssenariy» ham mavjudligini aytgan. U bu jarayon qachon yakunlanishi noma'lumligini qo‘shimcha qilgan.

UMS kompaniyasi matbuot xizmatining Kun.uz saytiga ma'lum qilishicha, bu jarayon abonentlarga ta'sir etmaydi, kompaniya odatiy tartibda faoliyat ko‘rsatishda davom etmoqda.

Universal Mobile Systems 2014 yilning 1 dekabridan uyali aloqa tarmog‘ini tijoriy foydalanishga topshirdi. 2014  yilning iyul oyida O‘zbekiston va MTS («Mobilnyye Telesistemy»)o‘rtasida hamkorlik shartnomasi tuzilgan edi. O‘shanda tomonlar qo‘shma korxona tuzish haqida kelishib olishgandi. Kelishuvga ko‘ra, korxona sarmoyasining 50,01 foizi MTSga, 49,99 foizi «O‘zbektelekom» AJga tegishli bo‘lib, uyali aloqa operatori 2G/3G/LTE litsenziyalar, kerakli chastotalar, nomerlar hajmi, aloqa kanallari ijarasi bilan ta'minlandi. Tarmoqning boshlang‘ich hajmi 2,5 million abonent raqami deb belgilandi.

Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, UMS abonentlari bazasi 1,287 million kishini tashkil qildi.

E'lon qilingan moliyaviy natijalarga ko‘ra, UMS 2016 yil birinchi choragida ko‘rgan foyda o‘tgan chorakka nisbatan 3,5 foizga ko‘payib, 85,241 milliard so‘mni tashkil etdi (2,2 mlrd rubl). Bu MTS guruhining umumiy daromadida 2 foizlik ulush demakdir.

Ko‘proq yangiliklar: