Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning bayonotiga ko‘ra, Turkiya prezidenti Rejyep Tayip Erdo‘g‘an Vladimir Putinga maktub yo‘llab, munosabatlarni yaxshilash uchun muhim qadamni tashlagan, deb xabar qilmoqda RIA «Novosti».
«Haqiqatdan ham Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an maktub yo‘lladi. Va munosabatlarni yaxshilash tomon muhim qadam tashlandi. Bilasizmi, Rossiya tomoni va prezident Putin juda mantiqiy nuqtai-nazarni himoya qildi. Putin bir necha marotaba Turkiya va turk xalqi bilan yaxshiqo‘shnichilik aloqalarini qo‘llab-quvvatlash istagini, buning uchun nima qilish lozimligini ham bildirdi», — degan Peskov.
Shu bilan birga, uning qayd etishicha, muammoni bir necha kun ichida hal etib bo‘lmaydi.
Avvalroq, Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim, Turkiya Su-24 samolyoti uchun Rossiyaga zararni qoplashga tayyor ekanini bildirgandi.