Ispaniya terma jamoasi Yevropa chempionatini nimchorak finalda tark etgan bo‘lsada, bu terma jamoaning oltin davri yakunlanganidan darak bermaydi. Bu fikr Ispaniya bosh murabbiyi Visente del Boske tomonidan Italiyaga qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumani vaqtida aytilgan.
Ispaniya 27 iyun oqshomida kechgan uchrashuvda Italiyaga 0:2 hisobida yutqazdi. Ispaniyaliklar 2008 va 2012 yillarda qit'ada tengsiz bo‘lishgan, 2010 yilgi Jahon chempionatida ham bosh sovringa ega chiqqandi.
"Ispaniya futbolining oltin davri hali yakunlanmadi. Tizim yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, ko‘plab tajribali futbolchilar ortidan yanada ko‘proq yosh iste'dodlar yetishib kelmoqda. Shunchaki shuni tushinish kerakki, bunday miqyosdagi turnirlarda uzluksiz g‘alaba qilish juda qiyin ish", degan del Boske.
Murabbiy hali lavozimida qolish masalasini hal qilmagani haqida gapirgan.
"Yaqin kunlarda federatsiya bilan kelajagim haqida gaplashib olaman. Hozircha hech qanday qarorga kelganim yo‘q. Hech qanday va'da bera olmayman", degan u.
Del Boske Italiya haqli ravishda g‘alabaga erishganini e'tirof etgan.
"Ikkinchi bo‘limda biz birinchi bo‘limdagiga qaraganda yaxshiroq o‘ynadik. Biz tavakkal qildik. Vaziyatdan chiqib ketishga urindik. Lekin Italiya ham o‘z o‘yinini ko‘rsata oldi. Ular juda samarali harakat qilishdi. Bu terma jamoa turnir favoritlaridan biri", degan murabbiy.
Italiya terma jamoasi chorak finalda Germaniyaga qarshi maydonga tushadi. Bu jamoalar uchrashuvi 2 iyul kuni Bordo shahrida o‘tkaziladi.