Tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni maqsad qilgan Maqsud Yunusov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) akasi Sohib Yunusov bilan birgalikda 2014 yilning may oyida “Vital holding” oilaviy korxonasini tashkil qilishadi. Tadbirkorlar o‘sha yilning iyul oyida foydalanilmay yotgan Chilonzor tumani “Oqtepa” mahalla yig‘ini idorasiga vaqtinchalik tasarruf etish maqsadida foydalanish uchun ruxsat berilgan choyxona binosining bir qismidagi savdo do‘konini ijaraga berishini so‘rab, mahalla raisi Muhabbat Komilovaning oldiga kirishadi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
Mahalla raisi rozilik bildirgach, 2014 yilning 7 avgustida “Ijaraga beruvchi” sifatida –“Davlat mulkini ijaraga berish markazi”DK, oilaviy korxona rahbari Sohib Yunusov va MFY raisi Muhabbat Komilova o‘rtasida uch tomonlama ijara shartnomasi tuzildi.
Shartnoma taraflarning huquq va majburiyatlari, mulkiy javobgarligi va boshqa masalalar ko‘rsatiladi. Shartnoma shartlarida ijaraga oluvchi ijaraga olingan obektdan foydalangani uchun belgilangan ijara to‘lov mablag‘larini ijaraga beruvchining bank hisob raqamiga o‘tkazib borishi ko‘rsatilgan.
Ijara shartnomasiga ko‘ra, shartnoma har yilning boshida yangilanib boriladi. Biroq oxirgi shartnomadan keyin mahalla raisinining “fe'li aynib”, tadbirkorlardan 300 AQSh dollari miqdorida pora so‘raydi. Tabiiyki, ular mahalla raisining noqonuniy harakatlari yuzasidan huquq tartibot idorasiga murojaat qilishadi.
2016 yilning 29 yanvar kuni Maqsud Yunusov “Oqtepa” MFYga borib mahalla raisiga 100 AQSh dollari beradi va qolgan 200 AQSh dollarini ertaga yetkazishni aytadi. 30 yanvar kuni SVOJJDLQK departamentining Chilonzor tuman bo‘limi xodimlari unga kimyoviy ishlov berilgan 200 AQSh dollari berib, o‘zlari Maqsud Yunusovning ortidan mahalla idorasiga borishadi. Mahalla raisining xonasiga kirgan Maqsud Yunusov qolgan summani olib kelganini aytib, uni raisga uzatadi. Rais pulni olib kotibasiga berganida qo‘lga tushadi.
Sud Muhabbat Komilovaga nisbatan tegishli jazo tayinladi.