Akbar Rahimovga (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Qodir Karomatov o‘zini advokatman, deya tanishtirdi. Aslida esa u bu sohadan umuman uzoqda bo‘lgan, firibgarlikni kasb qilgan kimsa edi. A.Rahimov yangi loyihalar asosida inshootlar qurish boshlanganida savdo do‘koni buzilgani, endi do‘kon uchun yer olmoqchiligi, bunga qonun tomonlama yordam berishini so‘rab, Qodir Karomatovga murojaat qildi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
Qodir Karomatov esa katta va'dalar bermasligini, ammo yo‘l-yo‘rig‘ini qilib, ishini bitirib berishini, faqat bu ishning xarajati borligini aytib, A.Rahimovdan ming “ko‘k”ini so‘radi.
A.Rahimov esa bu narx unga og‘irlik qilishini, bir oz insof bilan narx aytishini iltimos qildi. Suhbat ham, savdolashish ham uzoqqa cho‘zilmadi. Kelishilganidek, yo‘l yoqasida, odamlarning ko‘zidan pana joyda Qodir Karomatov Akbar Rahimovdan 500 AQSh dollarini olib, ichki cho‘ntakka soldi. Oradan 10-15 kun o‘tib, turli bahonalar bilan yana 200 AQSh dollarini qo‘lga kiritdi.
“Hojatbaror” so‘ralgan xizmat haqini berib, ishni bitiraman, degan A.Rahimov esa bu ishning natijasini uzoq vaqt kutsa-da, amalga oshmadi.
Hiyla ishlatishda davom etgan Q.Karomatov bu safar qaramog‘iga yana bir soddadil insonni ilintirdi.
- Advokatman, aka. Biror xizmati bor odamdek turibsiz.
Mijoz esa o‘g‘li bilan kelini chiqisholmay qolgani, yoshlarning oilasi buzilib ketishini xohlamasligini aytdi. Qodir unga yordam berishi mumkinligini, sud bilan gaplashishi, kelini bilan o‘g‘li, albatta, yarashib ketishini aytib, o‘zicha mijozning ko‘nglini ko‘targan bo‘ladi.
Abdurahmon aka uyiga ko‘ngli xotirjam qaytdi. “300 AQSh dollari evaziga kelinim uyga qaytsa, o‘g‘limning oilasi saqlab qolinsa... men roziman...”, deya ko‘nglidan o‘tkazgan ota firibgarning aldoviga uchganini o‘g‘li bilan kelini sudga kelgan kunda “advokat”ning qo‘l telefonini ko‘tarmay juftakni rostlab qolganida sezdi.
Firibgar “advokat”ning esa o‘z jinoiy faoliyatini to‘xtatish niyati yo‘q edi. “Attaron” mahallasidan chiqqan taniqli “advokat” haqida eshitgan qoqishtuvonlik Malika aya ho‘kizini Mirali qassoboga berib, 5 million so‘m pulini ololmay yurgan o‘g‘li Haydaralini chaqirdi va zo‘r advokat borligi, uni sarson qilib yurgan anavi qassobdan pulini olib berishi mumkinligini aytdi va o‘g‘liga advokatni topishni buyurdi.
Onasining topshirig‘ini jon deb ado etgan o‘g‘il ham Q.Karomatovdan hujjat so‘rab o‘tirmadi. Firibgar undan 70 ming so‘m so‘radi.
- Xo‘p desangiz plastik kartochkamni beraman, - dedi Q.Karomatov go‘yo “advokat” ertagayoq qassobdan 5 million so‘mni keltirib beradigandek...
Ammo plastik kartochkasi ham advokat bilan ketganini, sarson-sargardonlik yana boshlanishini xayoliga ham keltirmadi.
Qing‘irlik, albatta, bir kun fosh etiladi. Firibgar qo‘lga tushib, barcha qilmishlari o‘z isbotini topdi. Sud tomonidan Q.Karomatovga tegishli jazo tayinladi.