Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Herardo Martino Amerika Kubogi finalida Chilidan qabul qilingan mag‘lubiyatdan keyin fikrlarini bildirib o‘tdi.
O‘yinning asosiy vaqti va qo‘shimcha bo‘limlarda hisob ochilmadi. Shundan so‘ng boshlangan penaltilar seriyasida Chili 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. «Albiseleste» safida zarba berishda adashgan futbolchilardan biri Lionel Messi bo‘ldi, u tepgan to‘p darvoza to‘sini ustidan o‘tib ketdi. Shuningdek, Lukas Bigliyaning zarbasini Klaudio Bravo qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Chili tarkibida Arturo Vidal penaltini golga aylantira olmadi.
«Finalda yana yutqazish juda og‘ir. Biz bu o‘yinni intizorlik bilan kutgan edik. Oxir oqibatda sovrindan quruq qoldik.
Finallardagi eng muhimi – natijadir. Chili penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi. Biz asosiy vaqtdayoq g‘alaba qozonishimiz shart edi.
Bu mag‘lubiyat terma jamoa bilan turnirlarni yutmagan Messi uchun qayg‘uli bo‘ldi. Axir butun jamoa g‘alabaga umid qilgandi. Endi kelajakka ishonch bilan boqish qiyin, lekin sportchilar bir necha marta bunday katta mag‘lubiyatlardan keyin ham oyoqqa tura olishgan», — deya Martinoning so‘zlarini keltiradi Ole.
O‘yindan keyin kameralarga Messining yig‘layotgani tasvirlari muhrlandi.
Bu vaziyatga Martino shunday izoh bergan: «Messining ko‘z yoshlarimi? U o‘zini finalda yutqazgan barcha futbolchilar kabi tutdi. Yana bir finaldagi mag‘lubiyat unga og‘ir botdi».
Argentina terma jamoasi qatorasiga ikkinchi marta Amerika Kubogi finalida Chili terma jamoasiga yutqazdi. 2015 yilgi turnir finalida ham argentinaliklar penaltilar seriyasida 1:4 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Bundan tashqari, Messi va jamoadoshlari 2014 yilgi jahon chempionati finalida Germaniyaga (0:1) mag‘lub bo‘lgandi.
Messi 2008 yili Argentina olimpiya terma jamoasi safida Pekin Olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan, 2005 yilda esa yoshlar o‘rtasidagi jahon chempioni bo‘lgan. Ammo Lionel Messi Argentina milliy terma jamoasi bilan yirik turnirlarda biror marta ham bosh sovringa ega bo‘lmagan.