Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Vladimir Putindan urib tushirilgan Su-24 samolyoti uchuvchisining o‘limi uchun uzr so‘rab yozgan maktubida uchuvchining halokatiga aloqadorlikda gumon qilingan shaxsga nisbatan tergov jarayoni ketayotgani haqida bildirgan. Xat matni Kreml saytida keltirilgan.
O‘z murojaatida Erdo‘g‘an rossiyalik uchuvchining halokatiga aloqador Turkiya fuqarosiga nisbatan tergov ishlari o‘tkazilib, sud jarayoni davom etayotganini uqtirgan.
Bundan oldinroq, Erdo‘g‘an Putinga uzr so‘rab maktub yo‘llagani xabar qilingandi.
Rossiya va Turkiya munosabatlari o‘tgan yilning kuzida, 24 noyabr kuni Suriya osmonida Rossiya Havo-Kosmik kuchlariga qarashli bo‘lgan Su-24 bombardimonchi samoyoti Turkiyaning F-16 qiruvchi samolyoti tomonidan urib tushirilganidan keyin keskin yomonlashgandi.
Rasmiy Anqara Rossiya samolyoti Turkiya havo hududi chegarasini buzganini iddao qildi. Kreml esa buni rad etib, samolyot Suriya hududidan o‘tmaganini ta'kidladi.
Samolyot uchuvchisi Oleg Peshkov katapulta yordamida kemani tark etdi, ammo havodaligida qurolli shaxslar tomonidan otib tashlandi.
Putin ushbu voqeani "ortdan berilgan zarba" deb atagan va Turkiyaga qarshi keng ko‘lamli iqtisodiy sanksiyalar kiritgan edi.