Hollandiyalik murabbiy Dik Advokat Rossiya sport-express.ru saytiga bergan intervyusida terma jamoasiga yana qaytishga qarshi bo‘lmasligini bildirib o‘tdi.
– Slutskiyning Rossiya terma jamoasidagi faoliyatini muhokama qilmayman. Bu men tomondan nohaqlik bo‘ladi, axir men ham murabbiyman. Bu mavzuda gapiradigan gaplarim bor, ammo gazeta uchun emas. Meni to‘g‘ri tushuning.
– Siz qanday o‘ylaysiz, uning o‘rnini kim egallashi mumkin?
– Jon omon bo‘lsa – ko‘ramiz. Umid qilamanki, mister Mutko to‘g‘ri tanlovni amalga oshiradi.
– Hiddink Rossiyaga qaytishga va yordam berishga tayyor ekani haqida ma'lum qildi. Bu yaxshi g‘oyami?
– Men barchasi Mutkoga bog‘liqligini ta'kidlayman.
– Agar sizni taklif etishsa, qabul qilgan bo‘larmidingiz?
– Men hozirda Niderlandiya terma jamoasida Blindga yordam bermoqdaman. Shuningdek, o‘zim tug‘ilib o‘sgan shahar jamoasi «Den Xaag»da maslahatchi sifatida ishlayman. Bu yerdagi vazifam jamoatchilik bilan ishlash. Shuning uchun istalgan vaqtda ketishim mumkin. Agar shunga zarurat paydo bo‘lsa… Kimni ham aldardim? Albatta, Rossiya terma jamoasini yana qabul qilishga tayyorman!
– Ko‘pchilikning fikricha, 2012 yilgi Rossiya terma jamoasi o‘zining eng yaxshi davrlaridan birini o‘tkazgandi.
– To‘g‘rida, chunki o‘shanda terma jamoaga eng yaxshi mutaxassis murabbiy edi! (Kuladi.) Agar 4 yil oldin ham Yevropa chempionatida hozirgi kabi tizim bo‘lganida, Rossiya terma jamoasi muammosiz keyingi bosqichga chiqqan bo‘lardi. 4 yil oldin omadimiz kelmagandi. Axir jamoa barcha 3 o‘yinda ham yaxshi o‘ynagandi! Chexlar bilan ham, polyaklar bilan ham va greklar bilan ham! Bu faqat mening fikrim emas.
– Terma jamoamizga o‘tgan yillar ichida nima bo‘ldi?
– Bu o‘rinda hech qanday falokat haqida gapirish kerak emas! Sizda hozir ham saviyali futbolchilar bor va ulardan keyingi 2 yil ichida ajoyib jamoa tuzib, muvaffaqiyatga erishsa bo‘ladi. Yoshlar bilan ishlay oladigan murabbiy topish kerak. Sizlarda ko‘plab yosh iste'dodlar bor. Shu bilan birga tajribalilar ham yetarli. Ularning barchasi TsSKA, «Zenit», «Spartak» kabi kuchli jamoalar safida to‘p surishadi. Ulardan kuchli jamoa tuzsa bo‘ladi.
Katta bosimga dosh bera oladigan, shuningdek, individual imkoniyatlarga ega futbolchilarni topish kerak. Unutmaslik kerakki, terma jamoa o‘z uyidagi jahon chempionatida ishtirok etadi. Bu yaxshigina ustunlik beradi.
Manba: Tribuna.uz