Joriy yilning 25 iyun kuni Ellikqal'a tumanida “26 iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni” munosabati bilan kasb-hunar kollejlari va maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Biz yoshlar giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostida sportning valeybol, futbol, katta tennis, stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqalar, “Giyohvandlik – asr vabosi” mavzusida rasmlar tanlovi, “Biz yoshlar giyohvandlikka qarshimiz” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi. Mazkur musobaqa va tanlovlarda 500 nafardan ortiq o‘quvchilar qatnashib, o‘z mahoratlarini namoyish qilishdi. Sport musobaqalari orqali sog‘lom turmush tarzi targ‘ib qilingan bo‘lsa, rasmlar va insholar tanlovida o‘quvchilar giyohvandlik va shu kabi illatlarga nisbatan o‘z qarashlarini ifoda qildilar. G‘oliblarga diplom va estalik sovg‘alari topshirildi. Mazkur tadbirlar sana munosabati bilan tuman markaziy amfiteatrida bo‘lib o‘tadigan konsert dasturiga ulanib ketdi. Dasturda sahna ko‘rinishlari, badiiy chiqishlar hamda vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar o‘quvchi yoshlarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.
Javlonbek Baltayev