Buyuk Britaniyada yangi referendum o‘tkazish bo‘yicha petitsiya 3 mln kishining imzosini to‘pladi

Jahon 15:42 / 26.06.2016 3684

Buyuk Britaniyada mamlakatning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishini aniq qilib qo‘ygan referendum natijalarini qayta ko‘rib chiqish haqida tuzilgan petitsiyani 1 kun ichida 3 milliondan ortiq kishi ma'qullab, o‘z imzosini qoldirdi

Bu petitsiya mamlakat parlamenti tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun 100 ming kishining imzosi ham kifoya qilardi.

«Biz, quyida imzo chekkanlar, hukumatni saylovchilarning 75 foizidan kamroq qismi ishtirok etgan taqdirda har ikki tomon ham 60 foizdan kam ovoz to‘plasa, referendum qayta o‘tkazilishi lozimligini belgilovchi qoidani qo‘llashga chaqiramiz», — deyilgan ushbu hujjatda.

24 iyun kuni Brexit tarafdorlari London shahri meri Sodiq Xon nomiga petitsiya bilan chiqishgan va merdan Buyuk Britaniya poytaxtini mustaqil davlat sifatida e'lon qilishni talab etishgandi. Change.org saytiga joylangan ushbu murojaatga 160 mingdan ortiq kishi imzo qo‘ygan.

Buyuk Britaniyaning YeI tarkibidan chiqishi bo‘yicha referendum 23 iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Brexit tarafdorlari minimal ustunlik bilan g‘alaba qozondi: saylovchilarning 51,9 foizi YeIdan chiqishni yoqlab ovoz berdi, 48,1 foizi bunga qarshi chiqdi.

London shahrida istiqomat qiluvchilarning 60 foizidan ortig‘i referendumda mamlakatning YeIda qolishini yoqlab ovoz bergandi.

Ko‘proq yangiliklar: