O‘zbekistonda «Favqulodda holat to‘g‘risida» qonun loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi. Hujjat matni interaktiv davlat xizmatlari yagona portaliga joylangan.
Unda qayd etilishicha, favqulodda holat, ma'lum bir vaziyatga barham berish, O‘zbekiston konstitutsion tuzumi muhofazasini ta'minlash, hududiy yaxlitligi, jamoat xavfsizligi, mamlakat fuqarolarining huquq va erkinlari, qonuniy manfaatlari hamda xavfsizligini ta'minlash maqsadida joriy etilishi mumkin.
Shu bilan birga, mamlakatning bir qismida yoki barcha hududida favqulodda holat Prezident qarori bilan joriy etilishi, qaror 3 kun ichida Oliy Majlis palatalariga tasdiqlash uchun kiritilishi, shu muddat davomida Prezident qarori tasdiqlanmasa, o‘z kuchini yo‘qotishi qayd etilgan.
Loyihada, shuningdek, Favqulodda holat joriy qilishga sabab bo‘luvchi omillarga, uning muddati va uzaytirilish shartlariga ham oydinlik kiritilgan.
Favqulodda holat tartibini ta'minlash maqsadida IIV, MXX va FVV kuchlaridan foydalaniladi. Istisno hollarda, Davlat rahbari qarori asosida Qurolli kuchlar ham jalb etilishi mumkin, deyiladi loyiha matnida.
Hujjatda, mamlakat hududida favqulodda sud mahkamalari tashkil etish taqiqlanishi ham uqdirilgan.
Bundan tashqari, loyihaga favqulodda holatlar vaqtida fuqarolarning huquq va burchlari xususida bandlar kiritilgan.
Qonun loyihasi O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Foto: MChS Uzbekistana