2016 yil 23-24 iyun kunlari Ko‘ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘ldi. Majlis O‘zbekiston Respublikasi raisligida o‘tdi.
ShHT sammiti tashkilotga a'zo davlatlar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov raisligida o‘tgan uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi.
Majlisda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, terrorizm, diniy ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish, ShHT faoliyatini kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga uchinchi marotaba raislik qilmoqda. Mamlakatimiz ShHTga 2003-2004 hamda 2009-2010 yillarda raislik qilgan.
Davlat rahbarlari ShHTning 15 yillik faoliyati asosiy natijalarini ko‘rib chiqdilar. Tashkilot nufuzli va ahamiyatli tuzilma sifatida xalqaro maydonda mustahkam o‘rin egallagani alohida ta'kidlandi.
Majlisda xalqaro terrorizm, ekstremizm va uning boshqa ko‘rinishlari bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlari uchun birdek xavf solayotgani alohida ta'kidlandi. Ushbu tahdidlarga faqat hamkorlikda, jahon hamjamiyati harakatlarini birlashtirish orqali qarshi kurashish mumkinligi qayd etildi.
O‘zaro hamkorlik, davlat suverenitetini hurmat qilish va boshqa mamlakatlar ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga asoslangan holda, xavfsiz, xolis va ochiq axborot makonini yaratishga doir sa'y-harakatlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Iqtisodiyotning pasayishiga qarshi samarali kurashish borasida tajriba almashish, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida uzoq muddatli o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va infratuzilmani rivojlantirish zarurligi ta'kidlandi.
Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari – Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Mo‘g‘uliston Respublikasi Prezidenti Tsaxiagiyn Elbegdorj, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Zarif, sammit mehmoni – Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham ishtirok etdi. Shuningdek, majlisda ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov, Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev qatnashdi.
Sammitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Jyefri Feltman, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Bosh kotibi Nikolay Bordyuja, ASeAN Bosh kotibi Le Liong Min, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning ijrochi direktori Gun Tszyanvey ham ishtirok etdi.
Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining ShHTga a'zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumlar imzolangani Toshkent sammitining muhim voqealaridan bo‘ldi.
Hindiston va Pokistonning ShHTning teng huquqli a'zosi maqomiga ega bo‘lishi tashkilot imkoniyatlarini kengaytirib, xalqaro maydonda dolzarb muammolarni hal etish, mintaqa va umuman dunyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta'minlaydigan ko‘p tomonlama mexanizm sifatida tashkilot rolini yanada oshirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.
Davlat rahbarlari Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Kambodja Qirolligi va Nepalga ShHTning muloqot bo‘yicha sheriklari maqomini berish to‘g‘risidagi memorandum imzolanishini ma'qulladilar.
Muzokaralar yakunida ShHT o‘n besh yilligining Toshkent deklaratsiyasi, ShHTning 2025 yilgacha rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror, ShHTga a'zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligini rivojlantirish dasturi va boshqa hujjatlar imzolandi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasining ShHTga raislik davridagi faoliyatiga yuksak baho berildi.
ShHTga raislik Qozog‘iston Respublikasiga o‘tdi.
foto:O‘zA