Shu kunlarda barcha futbol ishqibozlarining e'tibori Yevro - 2016 musobaqalariga qaratilgan. Bir-biridan kuchli jamoalar ijrosidagi o‘yinlardan bemisl zavqlanayapmiz, rosti. Muxlislar qo‘hna qit'a g‘olibi kim bo‘lishi mumkinligi borasidagi turli taxminlarni boshlab yuborishgan. Inson o‘zi g‘alati mavjudot... Doim vaqtdan o‘zib, yakunda ne bo‘lishiga qiziqadi. Biz yurtimizning taniqli futbol mutaxassislari bilan final savoliga javob izladik.
Dilshod Nuraliyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy:
-Yevropa chempionati finaliga eng kuchli va shu bilan birgalikda omadli jamoalar yo‘l oladi. Ayni paytdagi jahon chempioni, har tomonlama mukammal o‘yin ko‘rsatayotgan Germaniyani finalga chiqish ehtimoli juda katta. Zo‘r tarkibga ega Ispaniyachi?.. Italiya har qanday musobaqada o‘z-o‘zidan favorit hisoblanadi. Menimcha, mana shu uch jamoadan bittasi finalda aniq o‘ynaydi.
Yuriy Sarkisyan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy:
- Yevropadagi hech qaysi jamoaga chin yurakdan muxlislik qilmaganim uchun Yevro -2016 finali haqida hech o‘ylab ko‘rmabman. To‘g‘risi, O‘zbekiston termasidan boshqa hech qaysi termaga ishqibozligim yo‘q. Jangovar tarkibga ega Fransiya jamoasi finalni ko‘zlayotgani ko‘rinib turibdi. Sababi, ular mezbon. Shaxsan men “Neftchi” klubida faoliyat yuritgan paytimda o‘z maydonimizdagi o‘yinlar oldidan futbolchilarga - “yigitlar, muxlislar oldida bor kuch bilan o‘ynashga, ularning ishonchini qozonishga majburmiz” der edim. Ikkinchi termani bilmadimku, lekin fransuzlar mavjud yuqori saviyadagi o‘yinchilari bilan millionlab ishqibozlar hurmati finalni ko‘zlashi tayin.
Azamat Abduraimov, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, murabbiy:
- Musobaqani kuzatib, Yevropa futboli saviyasi yanada kuchayganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Mening taxminimcha, finalda Portugaliya va Belgiya termalari to‘qnash keladi. Krishtianu Ronaldu va portugallar o‘yindan-o‘yinga ochilib bormoqda. Belgiya esa dunyoning har qanday termasi havas qiladigan darajadagi mahoratli futbolchilar yig‘indisiga ega.
Iskandar Galilulin, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy:
- Savolingizga javob berish juda qiyin. Chunki, futbol sport turi ommaviyligining asosiy jihati ham unda hisoblarni oldindan taxmin qilib bo‘lmasligidadir. Endi, Germaniya – doim favorit bo‘lib kelgan, Italiya termasi juda kuchli, Ispaniya tajriba va yoshlik shijoati birikmasi, Fransiyaning tarkibi zo‘r. Lekin, har doim final bosqichlarida ko‘rib o‘rganib qolgan mana shu grand termalarga qarshi tish-tirnog‘i bilan kurashayotgan Uels, Shimoliy Irlandiya, Islandiya, Shveytsariyalarni ham ulardan hech kam joyi yo‘q. Mana shu termalar kuchli va yulduz o‘yinchilari bor jamoalarni shijoat va taktika bilan yengsa bo‘lishini ko‘rsatib bera olishdi. Xorvatiyani qarang?.. Modrich va Madjukichlarsiz Ispaniyani yenga oldi. Men finalda kim o‘ynashini taxmin qila olmayman.
Elmurod Ermatov maxsus Tribuna.uz uchun.
Suratlar Google images.