Poytaxtimizda birovning uyida yashayotgan (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Munisa To‘xtayevaning chaqaloq sotish fikri tezda ko‘chaga tarqaldi. Darrov bola oluvchi ham topildi. Avvaliga ikkilanib turgan Munisa ko‘p o‘tmay rozilik bildirdi. Chaqaloq savdosini esa bir emas, to‘rt nafar kimsa hal qildi. Boisi, ushbu kimsalarning barchasi norasida ortidan keladigan pulga ko‘z tikishgandi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
Lobar Husanova chorasiz qolgan ayolga uyidan joy bergani uchun pul talab qilgan bo‘lsa, Naima Yunusova, Jamshid Murodov hamda Umar Tursunovlar bolaga xaridor topib, o‘rtada vositachilik qilganliklari uchun mo‘may daromadni maqsad qilishdi.
O‘tgan yilning aprel oylarida bolani fuqaro Marina Sadirova sotib oladigan bo‘ldi. “O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir”, to‘rtovlon qizaloqni 5 ming AQSh dollariga baholashdi. M.Sadirova bu narxga ko‘ndi, lekin ushbu kimsalarning noqonuniy ishlari haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berdi.
Kelishilgan joyda 5 ming AQSh dollarini olgan vositachilar chaqaloqni “egasi”ga topshirishdi. Bu “savdo”ni juda tez va silliqqina bitirdik, deb o‘ylab xursand bo‘lgan olg‘irlar chuchvarani xom sanagan edi...
Bir norasida go‘dakni sotib, mo‘may daromad xayoli bilan ko‘chaga shoshayotgan mazkur kimsalar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, aybdorlarga nisbatan odil sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi.