Buyuk Britaniyaning YeI tarkibidan chiqishini xohlamayotganlar, ushbu masala bo‘yicha yangi referendum o‘tkazish g‘oyasini ilgari surmoqda. Shu mazmundagi petitsiya Birlashgan Qirollik saytida joylashtirilgan.
«Biz hukumatga, YeIdan chiqish yoki unda qolishni yoqlovchilar soni 60 foizdan kam bo‘lsa, saylovchilar soni 75 foizdan oshmasa, yangi referendum o‘tkazish lozim, degan qoidani qo‘llashni taklif etamiz», — deyiladi matnda. Ushbu eslatma chiqqan vaqtda, petitsiyaga 510 ming 501 kishi imzo qo‘ygan. Bu raqam talab qilingan imzolardan 5 baravar ko‘p demakdir.
24 iyun kuni Brexit’ni xohlamaydiganlar London shahri meri Sodiq Xonga ham o‘z petitsiyalarini bildirgan edi. Ular London shahrini mustaqil davlat, deya e'lon qilishni tavsiya etishgan. Hujjat muallifi, Jyeyms O'Mellining so‘zlariga ko‘ra, London — «butun dunyo shahri», shu bois u Yevropa markazi bo‘lib qolishi lozim. Change.org saytiga joylashtirilgan murojaatni 100 mingga yaqin kishi imzolashga ulgurgan.
23 iyun kuni Buyuk Britaniyada mamlakatning YeIda qolishi yoki chiqishiga oydinlik kirituvchi umumxalq ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi. Unda kichik farq bilan Brexit tarafdorlari ustunlik qilishdi. Saylovchilarning 51,9 foizi Birlashgan Qirollikning tashkilotdan chiqishini ma'qullagan. Umumiy ovoz beruvchilar soni 72 foizni tashkil etgan. Umuman referendumda 33,5 million kishi ishtirok etgan.
Mamlakatning aksar hududlaridan farqli ravishda, London shahrining 60 foizdan ko‘prog‘i, Britaniyaning YeIda qolishini yoqlashgan.
foto:Google image