Shahlo (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) har doimgidek erta turib, oila a'zolari uchun nonushta tayyorladi, ul bul yumushlarni bajardi. Uning tushiga dugonasi Fariza kirib, dugonasini ko‘rib kelish uchun uning uyiga yo‘l oldi. Dugonasining ahvoli yaxshiligini bilgan Shahlo ko‘ngli tinchigandek bo‘ldi. Bir oz chaqchaqlashib o‘tirishgach, uyiga qaytishga taraddudlandi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.
Ikki dugonaning bir biridan ajralishlari qiyin bo‘ldi. Ana ketaman mana ketaman deguncha yana ikki soat vaqt o‘tdi. So‘ng Shahlo “Damas” rusumli avtomashinaga yo‘lovchi sifatida o‘tirib, Sergeli tuman, Choshtepa ko‘chasining Toshkent halqa avtomobil yo‘li ko‘chasi ustidan o‘tuvchi ko‘prik ustida tushib qoldi. Bu payt taxminan soat 19:30 lar atrofi edi.
U yerdan Toshkent halqa avtomobil yo‘li tomonga yo‘l yoqalab ketayotgan vaqtida, uning oldidan noma'lum bir shaxs kelayotgan edi. Shahlo avvaliga unga bee'tibor qarab keta boshladi. Lekin erkak unga yaqinlashgan sayin Shahloning ko‘nglida vahima uyg‘ondi. Bu g‘ulg‘ula yanada kuchaydi. Erkak kishi zabt bilan Shahloning bo‘ynida bo‘lgan tilla zanjir va zanjirga osilgan tilla uzukni yulib, olib qochib ketdi.
Shahlo “Mol achchig‘i-jon achchig‘i” deganlaridek, yigitning ortidan quvlab, shu yaqin oradagi ko‘prikning yuqori qismigacha yetib boradi. Biroq tilla buyumlarni o‘g‘irlagan kimsa g‘oyib bo‘lgan edi. Ko‘prik ustida odamlardan yordam so‘rash uchun turganida qora rangli “Lasetti” rusumli avtomashinasi o‘tib qoladi Uni to‘xtatadi va avtomashina ichida bo‘lgan ikki nafar kishidan yordam so‘raydi. Ulardan biri ichki ishlar idoralari xodimi ekan. Xodim zudlik bilan tilla buyumlarni olib qochgan yigitning ortidan quvib yetib, ushlab oladi va “Erkin” blok postidan yordam kuchlarini chaqirtiradi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, yetib kelgan ichki ishlar idoralari xodimlari ayolning tilla buyumlarini o‘ziniki qilib olmoqchi bo‘lgan kimsaning qo‘llariga kishan taqib, Sergeli tuman IIBga olib keladi.
Mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilishi natijasida gumondorning ismi-sharifi Ravshan Sotimov ekanligi ma'lum bo‘ldi. Uning yonidan Shahlo O‘roqovaga tegishli tilla zanjir chiqadi, ammo tilla uzuk yo‘q edi. Ravshanning yonidan tilla zanjirga osilgan tilla uzuk chiqmaganini, Shahlo quvlaganda qochayotgan vaqtida tushib qolgan bo‘lishi mukinligini aytadi.
Odil sud uning ayblilik masalasini hal etdi va tegishli jazo tayinladi.