O‘zbekiston Oliy ta'lim muassasalarida abituriyentlardan 2016-2017 o‘quv yili uchun hujjat qabul qilish jarayoni boshlangach, taqdim etiladigan hujjatlar orasida biometrik pasport zarurligi haqidagi gap-so‘zlar urchidi.
Shu sababli joriy yilda abituriyentlar hujjat topshirishi uchun biometrik pasport shart yoki shartmasligi borasida savol yuzaga keldi. Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi "Maslahat.uz" guruhida huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev ushbu masalaga oydinlik kiritib, "Ichki ishlar vazirligi bergan ma'lumotga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining eski ko‘rinishdagi pasporti 2018 yil 1 iyulga qadar haqiqiy hisoblanadi. Shu sababli, abituriyentlar joriy yilda ham avvalgi ko‘rinishda berilgan pasportlar orqali hujjat topshira oladilar. Biometrik pasport shart emas", deb javob berdi.
Bundan kelib chiqadiki, abituriyentlar o‘qishga hujjat topshirayotganlarida eski namunadagi pasportlarni taqdim qila oladilar.