O‘zbekiston tarixidagi eng yirik aksiyalar to‘plami «O‘zbekenergo» AJga tegishli. Ushbu kompaniya, nizom jamg‘armasini ko‘paytirish maqsadida, umumiy qiymati 7,411 trln so‘mlik aksiyalarni chiqarmoqda. Ularning bari davlat hisobiga joylashtiriladi.
Chiqarilgan aksiyalar "O‘zbekenergo" tarkibidagi 26ta AJlardagi davlat ulushlari bilan to‘lanadi. Hududiy elektr tarmoqlari, «O‘zbekko‘mir», «Sharg‘unko‘mir», «Gidromaxsusqurilish», «O‘zqishloqelektrqurilish», «O‘zenergota'minlash» va boshqalar shular jumlasidan.
O‘zbekiston hukumatining «O‘zbekenergo» AJ yagona aksiyadori sifatida qo‘shimcha aksiyalarni chiqarish to‘g‘risidagi 14 iyundagi qarori, qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish Markazi tomonidan 23 iyunda ro‘yxatga olingan va hisobga qo‘yish uchun qimmatli qog‘ozlar Markaziy depozitariysiga topshirilgan.
Ushbu aksiyalar joylashtirilishi O‘zbekiston tarixidagi eng yirigi hisoblanadi. «O‘zbekenergo»ning nizom jamg‘armasi, har biri ming so‘mlik oddiy aksiyalar chiqarilishi bilan 8,59 trln so‘mni tashkil etadi.
Nizom jamg‘armalari yirikligi bo‘yicha «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi ikkinchi (4,22 trln so‘m) va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ (917,75 mlrd so‘m) uchinchi hisoblanadi.
Foto: Google image