Buyuk Xitoy devori haqida eshitmagan ziyoli kishini yer yuzida topish qiyin. Buyuk Xitoy devori sayyoramizdagi inson qo‘li bilan yaratilgan eng yirik, shu bilan birga eng noyob me'moriy inshootlardan biri hisoblanadi.
Eramizdan avvalgi 247 yilda Tsin hukmdori Chjuan Syan Van vafot etganidan so‘ng Tsin Shi Xuandi nomi bilan taxtga o‘tirgan In Chjen davrida boshlangan “Van li chan chen”, ya'ni “10 ming li uzunlikdagi devor” (1 li 576 metrni tashkil qiladi) nomini olgan mazkur inshootning qurilishida o‘sha davrda yashagan Xitoy aholisining beshdan bir qismi ishtirok etgan.
Ommaviy axborot vositalarida tarix sinovlariga, tabiat injiqliklariga dosh bergan Buyuk Xitoy devori bugungi kunda Davlat muhofazasiga olingan bo‘lishiga qaramay, asta-sekin yemirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mamlakatda yer osti boyliklarini yashirin tarzda qazib olish bilan shug‘ullanadigan konlar Buyuk Xitoy devori yaqinida joylashgani buning asosiy omilidir. Sinxua axborot agentligi tarqatgan xabarga qaraganda, Buyuk Xitoy devorining Xebey viloyatidagi Layyuan uyezdi yaqinidan o‘tuvchi 700 metrlik qismi butunlay vayron bo‘lgan. Agar vaziyat shu darajada davom etadigan bo‘lsa, tez orada devor minoralari ham ag‘darilishi mumki. Ayni shu mintaqada o‘nlab kichik konlar borligi hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Shuni ta'kidlash kerakki, YuNeSKO va Xitoy hukumati tomonidan muhofaza qilinadigan inshootning ichki Mo‘g‘ulistondan o‘tuvchi qismi qulab tushgani haqidagi ilk xabar bir necha yil oldin matbuotda paydo bo‘lgandi. Poytaxt Pekin shahri joylashgan Xebey viloyatidagi shunga o‘xshash so‘nggi hodisa Buyuk Xitoy devori o‘tadigan barcha mintaqalarda vaziyat murakkabligini ko‘rsatib qo‘ydi. Chunki inshootning 70 foizi xavf ostida qolgan. Ayrim mintaqalarda konlarga yo‘l ochish maqsadida devor ataylab buzilayotgani, devorning g‘isht va toshlari esa xo‘jalik ishlarida foydalanish uchun olib ketilayotgani borasida ham bong urilmoqda.
Har bir davlatning rasmiy ramzlaridan tashqari kamida bitta timsoli bo‘ladi. Sariq dengizdan to mamlakat Shimoli-g‘arbiy mintaqasidagi cho‘llarga qadar cho‘zilgan, shahar va qishloq, vodiylar, tog‘-u o‘rmon, hatto botqoqliklardan o‘tgan Xitoy ramzi sanalmish Buyuk Xitoy devorining qurilishi eramizdan avvalgi 5 asrda boshlanib, eramizning 17 asriga qadar davom etgan. Jahon arxitektura tarixida beqiyosligi bilan ajralib turadigan Buyuk Xitoy devori qurilishini uch bosqichga bo‘lish mumkin.
Birinchi bosqich, ta'kidlanganidek Tsin imperatori Shi Xuandi davrida boshlangan. Xitoy yerlarini birlashtirgan hukmdor sifatida tanilgan Shi Xuandi o‘z kuch-qudratini namoyish qilish maqsadida buyuk inshootlar barpo etishga ahd qiladi. Shuni ta'kidlash kerakki, Buyuk Xitoy devori bo‘sh joyda, birdaniga qurilmagan. Qadimgi Xitoyda o‘zaro raqobatda bo‘lgan shaharlar mavjud bo‘lib, ularning atrofi devorlar bilan qurshab olingan edi. Imperator Shi Xuandi mana shu shaharlar atrofidagi devorlarni birlashtirishga, ya'ni yagona mudofaa inshooti qurishga qaror qildi. U mazkur inshoot qurilishiga 500 ming kishini (ayrim manbalarda 3 million kishi deyiladi) jalb qiladi. Ular orasida Konfutsiy ta'limotiga e'tiqod qiluvchi donishmandlar ham bor edi. Imperator nima uchundir mazkur diniy ta'limotni yomon ko‘rgan va bu ta'limot namoyondalarini ayovsiz qirg‘in qilgan. O‘sha davrda barpo etilgan Buyuk Xitoy devori haqida xalq tomonidan “Insonlar qoni va suyagidan qurilgan”, “Jahondagi eng uzun qabriston” yoki “Yig‘i devori” degan fikrlar aytiladi. Chunki mazur inshoot ostiga 400 ming kishi dafn etilgani borasida ma'lumotlar bor.
Ikkinchi bosqich eramizdan avvalgi 206-220 yillarga to‘g‘ri keladi. Xan sulolasi imperatorlari mamlakat hududlarini ko‘chmanchilardan muhofaza qilish maqsadida Buyuk Xitoy devori qurilishini davom ettirib, uni mustahkamlashga qaror qiladi. Tuproqdan qurilgan devor o‘sha davrda toshlar bilan mustahkamlanadi.
Uchinchi bosqich. Buyuk Xitoy devori qurilishining uchinchi bosqichiga Min sulolasi hukmdorlari 1 millionga yaqin kishini jalb qiladi. Shuni ta'kidlash kerakki, Buyuk Xitoy devorining hozirgi kunga qadar saqlanib qolingan qismi 1368-1644 yillarda hukmronlik qilgan Min sulolasi davrida barpo etilgan. Qurilishda asosan g‘isht va toshdan foydalanilgan. 1644-1911 yillarda, ya'ni salkam uch asr mobaynida hukmronlik qilgan Sin sulolasi davrida istehkom sifatida Buyuk Xitoy devoriga ehtiyoj bo‘lmagani sabab qarovsizlik oqibatida hamda tabiiy omillar bois mazkur inshoot asta-sekin nuray boshlaydi. Mahalliy aholi esa o‘zlari uchun turar joy binolari qurish maqsadida Buyuk Xitoy devoridan g‘isht va toshlarni olib keta boshlaydi.
19 asrning 50-yillarida boshlangan yerlarni o‘zlashtirish siyosati natijasida Buyuk Xitoy devorining Shansi viloyati Mingin mintaqasidan o‘tuvchi qismining 60 kilometri yemirilayotgani ma'lum bo‘ladi. O‘shanda devorning 40 kilometri deyarli yo‘qolib ketgandi.
Ayni damda mamlakatning 16ta viloyati hududida vayronalari saqlanib qolgan Buyuk Xitoy devori 1962 yilda Xitoy Milliy yodgorliklari ro‘yxatiga, 1987 yilda esa YuNeSKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Davlat muhofazasiga olingan Buyuk Xitoy devorining Badalin, Shanxayguan va Tszyayuyguandan o‘tuvchi qismi ta'mirlandi. Bugungi kunda ayni shu hududlarga sayyohlar olib boriladi. 1984 yilda Den Syaopin tashabbusi bilan Buyuk Xitoy devorini ta'mirlash dasturi qabul qilindi. Bu dastur Xitoy va xorij kompaniyalari, hamda xususiy shaxslar tomonidan moliyalashtirildi. Tahlilchilar Buyuk Xitoy devori qurilishining to‘rtinchi bosqichini Den Syaopin nomi bilan bog‘lashadi.
Buyuk Xitoy devorida jami 25 mingta minora borligi aytiladi. Har bir minora chap va o‘ng tomondagi ikkita minoradan ko‘rinib turishi shart edi. Ayrim manbalarda 4 ming, boshqa manbalarda 6 ming kilometrni tashkil qilishi aytiladigan Buyuk Xitoy devori barcha sulolalar siyosati, iqtisodi, harbiy faoliyati va madaniyatini aks ettirgan. Undan generallar va oddiy askarlar, iste'dodli va aqlli ustalarning qahramonliklarini o‘qish mumkin. Xitoyliklar “mamlakat tarixining yarmidan ko‘pini tashkil qiluvchi Buyuk Xitoy devorini ko‘rmaganlar Xitoyni tushunmaydi”, degan fikrni aytishadi. Zamonaviy Xitoy rahbarlaridan biri Mao Tsze Dunning “Agar Buyuk Xitoy devorini ko‘rmagan bo‘lsang, seni xitoylik deb atab bo‘lmaydi” degan so‘zlari sayyohlarga ko‘rinarli joyga yozib qo‘yilgan.
“Osmon osti mamlakati” qudratini ko‘z-ko‘z qiluvchi “Tosh belbog‘”ni tomosha qilish uchun har yili 2 millionga yaqin sayyoh tashrif buyuradi. Mamlakatni bosqinchilardan muhofaza qilish maqsadida qurilgan harbiy-mudofaa inshooti bo‘lmish Buyuk Xitoy devoridan bir vaqtlar minglab askarlar yurgan bo‘lsa, endilikda ularning o‘rnini tarixning noyob yodgorligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish maqsadida kelgan sayyohlar egallagan.
Sharofiddin To‘laganov tayyorladi