Turkiya sayyohlik agentliklari uyushmasi rahbari Basharan Ulusoy olinayotgan daromadlar pasayishi sababli turk mehmonxonalarida "barchasi kiritilgan" tizimini qadamma-qadam yo‘q qilishga chaqirdi. Bu haqda Anadolu axborot agentligi xabar bermoqda.
"Bu tizim tejamkor, oilasi bilan keladigan sayyohlar uchun o‘ziga tortuvchi tizimdir. Bunday mehmonxonalar yildan yilga xarajatlar ko‘payotganiga qaramasdan narxlarni oshira olmaydilar. Biz bu tizim bo‘yicha ishlovchi mehmonxonalar sonini sekin-asta kamaytirishimiz kerak", deb aytdi Ulusoy.
23 iyunda Turkiya sayyohlik biznesi vakillari mamlakat bosh vaziri Binoli Yildirimga sayyohlik sohasidagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha takliflar bildirilgan ma'ruzani taqdim qilganlar.
Turkiya sayyohlik sektorini qutqarish bo‘yicha reja sayyohlik kompaniyalari qarzini restrukturizatsiyalash mexanizmlarini joriy qilish va 90 mln dollarlik moliyalashtirishni o‘z ichiga oladi.
Avvalroq Antalya yozgi mavsumda 96 foiz rossiyalik sayyohlarni yo‘qotishi ma'lum qilingandi.