Shotlandiya hukumati mustaqillik haqida referendum o‘tkazish uchun qonunchilik bazasi ishlab chiqishga kirishadi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Nikola Sterjyen ma'lum qildi.
Sterjyenning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlarni tayyorlashdan oldin parlament bunday referendum Shotlandiyaning YeI tarkibida va yagona Yevropa bozorida qolishi eng yaxshi yo‘l ekani haqida qarorga kelishi kerak.
Shotlandiya aholisining katta qismi 23 iyun kungi referendumda Birlashgan qirollikning YeIda qolishi uchun ovoz berdi. Xususan, shotlandlarning 62 foizi ittifoq tarkibida qolishni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, 38 foizi bunga qarshi chiqdi.
Bundan oldinroq Nikola Sterjyen Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqishi bo‘yicha referendum natijalaridan qat'i nazar, Shotlandiya o‘zini Yevropa Ittifoqi a'zosi sifatida ko‘rayotganini ma'lum qilgandi.
"Shotlandiya o‘z kelajagini Yevropa Ittifoqi doirasida ko‘rayotganini ochiq bildirdi. Shotlandiya o‘z so‘zini aytdi va bu so‘zni qat'iy ohangda aytdi", degandi Sterjyen.
Shotlandiyada Buyuk Britaniyadan mustaqil bo‘lish haqidagi referendum 2014 yilda ham o‘tkazilgandi. O‘shanda ishtirokchilarning 50 foizdan ortiqrog‘i Shotlandiyaning Buyuk Britaniya tarkibida qolishini yoqlashgandi.
23 iyun kuni Buyuk Britaniyada mamlakatning Yevropa Ittifoqi tarkibida qolish-qolmasligi masalasida referendum o‘tkazildi. Brexit tarafdorlari, ya'ni, Ittifoq tarkibidan chiqish istagidagilar 51,9 foiz ovoz (17,1 million kishi) bilan g‘olib chiqdi. Referendumda davomat 72,1 foiz bo‘ldi.
Ovoz berish natijalari to‘g‘risidagi yangiliklar ortidan fond birjalarida qulashlar kuzatildi, funt sterlingning dollarga nisbatan kursi so‘nggi 30 yil davomida eng past qiymatga tushdi.
Referendum natijalari e'lon qilingach, mamlakat bosh vaziri, YeIda qolish tarafdori bo‘lgan Devid Kemeron iste'foga chiqishi haqida e'lon qildi.
Referendum yuridik jihatdan majburiy ahamiyatga ega emas, ya'ni hukumat mamlakat taqdirini mustaqil hal qilishi mumkin. YeI tarkibidan chiqish qarori tasdiqlanganida ham, mamlakat ittifoq tarkibidan to‘liq chiqishi uchun bir necha yillar kerak bo‘ladi: London YeIning har bir a'zosi bilan alohida yashash shartlarini kelishib olishiga to‘g‘ri keladi.
Shimoliy Irlandiyada Britaniyadan ajralib chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazilishi mumkin
Foto: GETTY