Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi kuydirgi kasalligi avj olgan Yerkindik aholi punktining atrofida jonivorlarning o‘tishiga to‘sqinlik qiluvchi handaq qazildi. Bu haqida Qozog‘iston qishloq xo‘jalik vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
Qarag‘anda viloyatining Yerkindik qishlog‘ida to‘qqiz nafar kishida kuydirgi kasalligi gumon qilinib, infeksion kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Bemorlarning ikki nafari hayotdan ko‘z yumgan. Viloyat veterinar labaratoriyasi so‘yilgan sigir go‘shti namunasini o‘rganib chiqib, "kuydirgi" tashxisini tasdiqladi.
"Veterinar nazorat ostida bo‘lishi kerak bo‘lgan jonivorlar va mahsulotlarning qishloqdan tashqariga chiqishini bartaraf etish maqsadida aholi punktiga kiraverishda dezinfeksiyani to‘suvchi ikkita nazorat posti o‘rnatildi, bu yerda tun-u kun navbatchilik yo‘lga qo‘yildi, FV va tuman politsiya bo‘limi hodimlari jalb qilindi", - deyiladi vazirlik xabarida.
Idorada ta'kidlanishicha, aholi punktidagi 21 ming kvadrat metr maydonda dezinfeksiya amalga oshirilgan.
"Epizootik o‘choq hududida viloyat va tuman miqyosidagi 28 nafar mutaxassis, oltita maxsus texnika ishga tushirildi. Qishloq ahli yig‘ilib, ular bilan yuzaga kelgan vaziyat va xavf-xatar, shuningdek jonivorlar bilan muloqot qilganda ehtiyotkorlik choralari ko‘rilishi haqida tushuntirish ishlari olib borildi", - deya ma'lum qildi matbuot xizmati.
7 iyun kuni Yerkindik qishlog‘idagi 5 nafar kishi (bir oilaning a'zolari) veterinar ko‘rigidan o‘tkazmasdan kasal sigirni majburiy so‘yishgan. O‘sha kunning o‘zidayoq uning go‘shti qishloqda yashovchi 11 kishiga sotilgan. 11-14 iyun oralig‘ida zararlangan go‘shtni iste'mol qilgan 9 kishi kasallangan, ulardan sakkiz nafari - Yerkindikda istiqomat qiluvchilar, yana biri esa qishloqqa qarindoshlarnikiga mehmonga kelgan kishi bo‘lgan.