Hindiston va Pokistonning ShHTga qabul qilinishi bo‘yicha muzokaralar murakkab kechgan. Lekin yakunda qiyinchiliklar yengib o‘tilgan. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov tashkilot a'zolarining tor doiradagi uchrashuvi vaqtida ma'lum qilgan.
O‘zbekiston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Hindiston va Pokistonning ShHT tarkibiga to‘la huquqli a'zo sifatida qabul qilinishi yangi tashkilotda yangi davrni boshlab beradi.
"Yashirmayman, muzokaralar jarayoni o‘ziga yarasha qiyin bo‘ldi. Buni tan olish kerak. Ammo yakunda biz barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tdik va ShHT strategik maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda yagona fikrga keldik", degan Islom Karimov.
Hindiston va Pokistonning ShHTga qabul qilinishi bo‘yicha jarayon 2015 yilda ishga tushgandi. Ayni vaqtda Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston tashkilot a'zolari hisoblanishadi. Belarus, Mo‘g‘uliston, Hindiston, Eron, Pokiston va Afg‘oniston kuzatuvchi maqomiga ega.