Islom Karimov Putin bilan uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston 01:22 / 24.06.2016 32622

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 23 iyun kuni kechqurun Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti ishtirokchilari uchun uyushtirilgan konsertdan so‘ng Ko‘ksaroyda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, prezidentlar O‘zbekiston-Rossiya munosabatlariga doir keng ko‘lamli masalalar, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Islom Karimov Vladimir Putin bilan muloqot chog‘ida ushbu uchrashuv O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro va ko‘p tomonlama hamkorlikning mantiqiy davomi, mamlakatlarimiz strategik sheriklikni rivojlantirish yo‘lidan borayotganining yaqqol namoyoni ekanini alohida ta'kidladi.

Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida amalga oshirilgan ishlarga yuksak baho berdi. ShHT sammiti asnosida bo‘ladigan muzokaralar barcha sohalarda mintaqaviy hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

«Hindiston va Pokiston kabi ikki yirik mamlakatning ShHTga domiy a'zolikka haqiqatdan ham qayd etilishi… tashkilot hayotida katta hodisa bo‘ladi. So‘zsizki, mazkur hodisa aynan Toshkentda sodir bo‘lishi bilan tashkilotimiz tarixiga kiradi», — deya Vladimir Putin so‘zidan iqtibos keltiradi Kreml sayti.

Bundan avval O‘zbekiston prezidenti Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari hamda Hindiston bosh vaziri bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi.

ShHT sammiti ishtirokchilari Toshkentdagi Xalqaro anjumanlar saroyida ularning sharafiga tashkil etilgan konsertga tashrif buyurishdi.

Ko‘proq yangiliklar: