2016 yilning aprelidan 2017 yilning martiga qadar Mitsubishi Motors kompaniyasining yoqilg‘i mojarosi bilan bog‘liq moliyaviy yo‘qotishlari 145 milliard iyenni (1,4 milliard dollar) tashkil qiladi. Bu haqida yapon avtomobil ishlab chiqaruvchisining iqtisodiy prognozida ma'lum qilingan.
Bu davrda kompaniyaning global sotuvlari sakkiz foizga - 962 ming mashinagacha pasayadi. Eng sezilarli pasayish ko‘rsatkichlari yapon bozorida bo‘lishi kutilmoqda, bu yerda 60 ming avtomobil sotiladi - bir yil avvalgiga qaraganda 41 foizga kam...
Bundan avval Mitsubishi kompaniyasi yoqilg‘i mojarosidan jabr ko‘rgan har bir mashina egasiga 100 ming iyendan (959 dollar) to‘lashni rejalashtirgani haqida xabar qilingandi. Yapon bozorida hujjatlarda yoqilg‘i xarajatlariga doir noto‘g‘ri ma'lumot bergan 625 ming mashina qayd etilganidan kelib chiqadigan bo‘lsak, to‘lovning umumiy hajmi 50 milliard iyenni (500 million dollar) tashkil qiladi.
Aprel oyining oxirida Mitsubishi bir qator modellardagi yoqilg‘i xarajatlari haqida soxta ma'lumot berganini tasdiqlagan. Yapon hukumatiga 25 yil davomida - 1991 yildan boshlab yoqilg‘i iste'moli darajasi to‘g‘risidagi noto‘g‘ri ma'lumot taqdim etib kelingan.
May oyining o‘rtasida Mitsubishi Motors kompaniyasining 34 foizli aksiyalar paketini Nissan kompaniyasi xarid qilishi ma'lum bo‘ldi. Bundan bir necha kun o‘tib, Mitsubishi prezidenti Tetsuro Aikava va vitse-prezident Ryugo Nakao iste'foga chiqishi haqida e'lon qilishdi.