Buyuk Britaniyada yevroskeptiklar mamlakatning Yevroittifoq tarkibidan chiqishi bo‘yicha referendumda g‘alaba qozondi.
Sky News telekanali ma'lumotiga ko‘ra, ovozlar hisoblab chiqilgach, Brexit tarafdorlari Britaniyaning Yevroittifoqda qolishini yoqlagan 48,1 foiz kishiga (16,14 million) qarshi 51,9 foiz ovoz (17,1 million) to‘pladi.
Qayd etilishicha, davomat 72 foiz bo‘lgan. Ya'ni referendumda qatnashish huquqiga ega bo‘lgan 46,5 million kishidan 33,5 milliondan ortig‘i ishtirok etgan.
Endi 43 yildan buyon YeIda bo‘lgan Buyuk Britaniya blokni tark etishi kutilmoqda.
Yakuniy natijalar e'lon qilinishidan oldinroq Brexit tarafdorlari, ya'ni Birlashgan qirollikning YeIdan chiqishini yoqlovchilar g‘alabani nishonlashni boshladi. Mustaqil Birlashgan Qirollik partiyasi (UKIP) yetakchisi Nayjyel Faroj o‘z tarafdorlarini tabrikladi.
"Biz o‘z mamlakatimizni qaytardi. Barchangizga rahmat", deya #IndependenceDay heshtegi bilan tvit qoldirgan u.
Yevroittifoqdan chiqishni Angliya va Uelsning ko‘pchilik aholisi yoqladi, Shotlandiya va Shimoliy Irlandiya aholisining ko‘pchiligi esa qarshi bo‘ldi.
Yevropa Ittifoqidan chiqish masalasida referendum o‘tkazish tashabbusi mamlakat bosh vaziri Devid Kemeron tomonidan bildirilgandi. U 2015 yilning mayida, lavozimiga qayta saylangach shunga va'da qilgandi. Lekin uning o‘zi mamlakatni Yevropa Ittifoqida saqlab qolish tarafdori edi.
U va boshqa bir qator yirik tadbirkorlar YeIdan chiqish Buyuk Britaniyada iste'mol tovarlari taqchilligi hamda soliqlar oshishi ortidan iqtisodiy muammolar kelib chiqishidan xavfsirashayotgandi.