Bekzod Hamidov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘ttiz ikki yildan ziyod vaqt Qo‘shko‘pir tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘ptarmoqli poliklinikada okulist (ko‘z shifokori) bo‘lib faoliyat yuritib kelgan. U o‘tgan davrda ko‘plab insonlarga shifo ulashgani aniq. Biroq nafsiga erk berishi oqibatida sudning qora kursisiga o‘tirishga majbur bo‘ldi. Bu haqda “Huquq” nashri xabar yozmoqda.
Kunlarning birida Shahnoza ismli fuqaro ko‘rish qobiliyati pastligidan shikoyat qilib keldi. Shifokor unga tegishli tashxis qo‘ydi va muolajalar olib bordi. Ko‘zlangan natijaga erishilmagach, nogironlik nafaqasiga chiqishni tavsiya qildi. Biroq bu o‘z-o‘zidan bo‘lmasligini, 500 AQSh dollari bersa, hujjatlarni tegishli tartibda to‘g‘rilab berishini va'da qildi. Ayol oilaviy sharoiti og‘irligini, buncha puli yo‘qligini aytib, narxni arzonlashtirishni so‘ragan edi, B.Hamidov 300 AQSh dollariga rozi bo‘ldi.
“100 AQSh dollarini ertaga olib kel. Qolganini nafaqaga chiqaningdan keyin berasan”, tayinladi shifokor.
Tegishli qonunlarni, kasb etikasini unutib qo‘ygan B.Hamidov ayoldan 100 AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlandi.