Texas shtatida yashovchi Liza Alamiya jag‘ sohasidagi jarrohlik operatsiyasidan so‘ng, Britaniya aksentida gapirayotganini sezib qoldi. U amaliyotdan keyin ilk marta farzandlari bilan so‘zlashganida, ular onasi hazillashyapti, deb o‘ylashgan. Garchi jarrohlik o‘tkazilganidan yarim yilcha o‘tgan bo‘lsa-da, ayolning ba'zi tanishlari ham shunday fikrda.
Shifokorlar ayolga xorijiy aksent sindromi sifatida tanilgan, noyob nutq kasalligi tashxisini qo‘yishdi. Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, bu nutq apparati avvalgidan biroz boshqacharoq harakatlana boshlashi bilan bog‘liq - masalan, unli harflar boshqacha talaffuz qilinadi. Tinglovchilar buni xorijiy aksent sifatida qabul qilishlari mumkin.
XX asrda bu sindrom bilan bog‘liq yuzlab holatlar qayd etilgan, ular asosan miya jarohatlari bilan bog‘liq bo‘lgan.
Mazkur sindrom bir qancha vaqt o‘tib, o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketishi mumkin, ba'zan esa butun umrga qolib ketadi. Alamiya Britaniya aksentidan qutulib, avvalgi nutqini qaytarish uchun logoped bilan shug‘ullanishni rejalashtirmoqda.