Jon Esh haqidagi ko‘lankaga aylantirilgan haqiqatlar

Jahon 15:43 / 23.06.2016 4681

Jahon ommaviy axborot vositalari va Internet sahifalarida BMT Bosh Assambleyasining sobiq rahbari Jon Eshning 62 yoshida yurak hurujidan vafot etgani xaqida xabarlar tarqatildi.

Ma'lumki, BMT Bosh Assambleyasining sobiq raisi bo‘lib ishlagan, Antigua va Barbuda davlatining BMTdagi doimiy vakili Jon Esh oktabr oyida hibsga olingan edi. Nyu-York prokuraturasi 6 oktabr kuni unga xitoylik tadbirkorlardan pora olish aybini qo‘ydi. Uning umumiy tarzda 1,3 million dollar pora olgani aytilgan edi. 37 sahifali aybnomada aytilishicha, 2001 yildan boshlab Jon Esh tadbirkorlardan pora talab qilgan va pora olib kelgan. Ma'lum bo‘lishicha, u 500 ming dollar mukofot evaziga Makaoda Matbuot markazi qurish to‘g‘risidagi hujjatni BMT Bosh kotibi uchun tayyorlagan. BMTga mo‘ljallangan mazkur majmua milliarder Ng Lap Senga tegishli kompaniya tomonidan bunyod etilgan edi.

Antigua va Barbuda fuqarosi bo‘lmish, so‘nggi vaqtlarda AQShda doimiy istiqomat qilayotgan Jon Esh bir necha yillar davomida xitoylik tadbirokorlardan pul olib turgan va ularning xizmatlaridan foydalangan. Bu mablag‘lardan tashqari unga Rolex rusumidagi soatlar, BMW rusumidagi avtomobil sovg‘a qilingan. Uning uyiga esa qiymati 30 ming dollarga teng xususiy basketbol korti qurilgan. Jon Esh va uning oila a'zolariga Yangi Orleandagi hashamatli mehmonxonada dam olganlari uchun kuniga 850 dollardan to‘langan. Tergovda aniq bo‘lishicha, xitoylik milliarderning vositachilari orqali Jon Eshning rafiqasi bir oyda 2,5 ming dollarlik maosh beruvchi iqlim o‘zgarishlari bilan shug‘ullanuvchi nohukumat tashkilotlaridan biriga ishga joylashtirilgan. Ammo u bu tashkilotda hech qachon ishlamagan. Hozircha Jon Eshning rafiqasi sudga tortilmadi.

Jon Eshdan tashqari Dominikan Respublikasining BMTdagi vakilining o‘rinbosari 48 yoshli Fransis Lorenzo, xitoylik milliarder 67 yoshli Ng Lap Sen, uning yordamchisi 27 yoshli Jyef In, 57 yoshli Shivey Yan va 52 yoshli Xeydi Xun Pao ham xibsga olingan edi. Ng Lap Sendan tashqari ularning barchasi AQSh fuqarolaridir. Ng bir vaqtning o‘zida Xitoy, Portugaliya va Dominikan Respublikasining fuqorosidir. Ularning barchasi pora berishda va pora berish maqsadida til biriktirganlikda ayblanmoqda. Agar bu ayblar isbotlanadigan bo‘lsa, u holda har biri pora berish maqsadida birlashganlari uchun besh yil, pora berganlari uchun esa 10 yil ozodlikdan mahrum qilinishlari aytilgan edi. Yan va Paolar, shuningdek, noqonuniy pullarni qonuniylashtirishda til biriktirganlikda ayblanadi. Bu jinoyat uchun AQShda 20 yil qamoq jazosi beriladi. Tahlilchilarning fikricha, Ngning daromadi 1,8 milliard dollar deb baholanadi. Ng va In 19 sentabrda hibsga olingan bo‘lib, bojxonada yolg‘on ma'lumot berganlikda ayblanmoqda va ularning garov puli evaziga ozod qilishning imkoni yo‘qligi aytiladi. Rasmiylarning ma'lum qilishicha, ular so‘nggi ikki yil davomida AQShga 4 yarim million dollar naqd pul olib kirishgan, ammo bojxonachilarga yolg‘on gapirishgan. Soliqlardan bo‘yin tovlaganlikda ayblangan Jon Esh diplomat sifatida daxlsizlik maqomidan foydalanib kelgan.

Ma'lum bo‘lishicha, 2013 yilda Jon Esh va rafiqasi o‘z daromadlarini 462 ming 350 dollarga kamaytirib ko‘rsatishgan bo‘lsa, 2014 yilda daromadlarini 796 ming 329 dollar deb ko‘rsatishgan. Agar Jon Eshga qo‘yilayotgan ayblar isbotlangan taqdirda, 6 yil ozodlikdan maxrum qilinishi mumkin. AQSh Federal prokurori Prit Bxarara bergan bayonotga ko‘ra, olgan porasi tufayli Jon Esh o‘zini va o‘zi boshqargan nufuzli tashkilotni sotgan. Ayblanuvchilar BMT maydonini o‘z daromadlari maydoniga aylantirishgan.

Jon Esh Antigua va Barbudaning BMTdagi doimiy vakili bo‘lib, 2013 yilning sentabridan 2014 yilning sentyabiga qadar BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasi raisi sifatida faoliyat yuritgan edi.

 

Sharofiddin To‘laganov

 

 

 

Ko‘proq yangiliklar: