Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Turkiyada Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha referendum o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi gapiga munosabat bildirdi. Bu haqda Anadolu xabar tarqatgan.
"Albatta, YeI bilan muzokaralar yakunlangach, Turkiya hukumati xalqqa fikr bilish uchun yuzlanadi. Biz xalq bilan hisoblashamiz. Agar muzokaralar jarayoni boshi berk ko‘chaga kirib qolsa, Turkiya prezidenti aytganidek millatdan YeIga kirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish bo‘yicha fikr so‘raymiz", degan Chovusho‘g‘li.
Bundan oldinroq, Turkiya rahbari Buyuk Britaniyada o‘tkazilayotgani kabi Turkiyada ham referendum o‘tkazilishi mumkinligi haqida ma'lum qilgandi.
Erdo‘g‘anning fikricha, Yevropa Ittifoqi Turkiyani aholisining katta qismi musulmonlar bo‘lgani uchun tarkibiga qabul qilmay kelmoqda.