Prezident Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti bilan uchrashdi

O‘zbekiston 16:42 / 23.06.2016 11400

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23 iyun kuni Ko‘ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda. 

Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti bilan suhbatda uning Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida faxriy mehmon sifatida ishtirok etishi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan hamkorlikning yana bir ifodasi ekanini qayd etdi. Bu davlatlar mintaqada va xalqaro miqyosda bir-birining nufuzini oshirish hamda pozitsiyasini mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlab kelayotganini namoyon etishini ta'kidladi. 

2015 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 320 million AQSh dollarini tashkil etdi. O‘zbekistondan Turkmanistonga avtomobillar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, mineral o‘g‘itlar, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa tovarlar eksport qilinmoqda. Turkmanistondan O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari yetkazib berilmoqda. 

Transport va tranzit sohasi iqtisodiy aloqalarning strategik yo‘nalishlaridan. O‘tgan yili O‘zbekiston tashqi savdo yuklarini Turkmaniston orqali tashish hajmi 43 foiz o‘sgani buning yaqqol dalilidir. 

Uchrashuvda o‘zaro savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Ko‘proq yangiliklar: