Peterburgdagi Qodirov nomidagi ko‘prik «qayta nomlandi»

Jamiyat 14:14 / 23.06.2016 6687

«Solidarnost» harakati a'zolari 23 iyunga o‘tar kechasi Chechenistonning birinchi prezidenti Ahmad Qodirov (1951 — 2004) sharafiga nomlangan Sankt-Peterburgdagi ko‘prikka boshqa nom qo‘yib ketishdi. «Fontanka.ru» ma'lumotiga ko‘ra, ko‘prikka kiraverishda «Most snaypera Idrisova» nomi bitilgan taxtachani o‘rnatishgan.

Harakat a'zolarining fikricha, Sankt-Peterburgdagi ko‘prik va ko‘chalar xalq qahramonlari sharafiga nomlanishi kerak.

Chechenistonlik jangchi Abuhoji Idrisov Ikkinchi jahon urushi davrida Leningrad himoyasida ishtirok etgan va 125-o‘qchi diviziya tarkibida 1944 yili Krasnoye Seloni ozod qilishda qatnashgan.

Qayd etilishicha, mergan Idrisov 200 nafardan ortiq natsistni yo‘q qilgan va Sovet Ittifoqi qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.

Bundan oldinroq, 18 iyun kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida noma'lum shaxslar Dudergof kanalidan o‘tgan Ahmad Qodirov nomidagi ko‘prikka uning Birinchi chechen urushi davridagi ruslarni o‘ldirishga da'vat etilgan iqtibosini osib ketgandi.

17 iyun kuni Sankt-Peterburgning Qonun chiqaruvchi majlisi binosi yonida ko‘prikka Ahmad Qodirov nomi berilishi yuzasidan aksiya bo‘lib o‘tgan, namoyishchilar bunga norozilik bildirgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: